Bolgariya Prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi yakunlandi

    Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radevning mamlakatimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlandi.

    Toshkent shahri xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kuzatib qoʻydi.

    Eslatib oʻtamiz, tashrif dasturiga koʻra, ikki mamlakat yetakchilarining muzokaralari, rasmiy va ishbilarmonlik tadbirlari oʻtkazildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiyani imzoladilar.

    Yetakchilar huzurida ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2026-2027-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi hamda Toshkent va Sofiya shaharlari oʻrtasida sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi bitim almashildi.

    Ikki mamlakat yetakchilari oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, agrosanoat majmui, farmatsevtika tarmogʻi, konchilik, raqamlashtirish sohalarida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish, turizm va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Ushbu tashrif mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishi shubhasiz.