Bolgariyadagi musobaqada sportchilarimizdan ajoyib gʻalabalar!

    Bolgariyaning Sofiya shahrida badiiy gimnastika boʻyicha Jahon kubogining navbatdagi bosqichi oʻz yakuniga yetdi.

    Musobaqaning soʻnggi kunida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Taxmina Ikromova 1 tadan oltin va bronza medallarini qoʻlga kiritdi. Hamyurtimiz oltin medalga tasmadagi mashqda sazovor boʻldi. Uning toʻpdagi dasturi esa bronza medalini keltirdi.

    Tasma:
    1. Taxmina Ikromova (Oʻzbekiston) – 30.900
    2. Eljana Taniyeva (Qozogʻiston) – 30.900
    3. Barbara Domingos (Braziliya) – 30.650

    Toʻp:
    1. Stiliyana Nikolova (Bolgariya) – 35.000
    2. Sofiya Rafayeli (Italiya) – 33.150
    3. Taxmina Ikromova (Oʻzbekiston) – 31.750

    Eslatib oʻtamiz, hamyurtimiz ushbu bosqich doirasida koʻpkurash yoʻnalishida ham bronza medali bilan taqdirlangan edi.

    Bolgariyaning yana bir shahri – Plovdivda oʻtayotgan qilichbozlik boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida esa kechagi kun bahslari Oʻzbekiston terma jamoasi uchun omadli yakunlandi. Oʻsmirlar toifasida kechgan sablya dasturida Nargiza Jaksibayeva bronza medalini qoʻlga kiritdi.

    Hamyurtimiz saralash bosqichi davomida Gonkong, Ruminiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya vakillarini magʻlubiyatga uchratdi. Biroq yarim finalda vengriyalik Emese Domonkosga imkoniyatni boy berib qoʻydi va uchinchi oʻrinni egalladi.