Boʻlgʻusi pedagoglarning yangi avlodi qanday sharoitda oʻqiyapti?

    “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining birinchi yoʻnalishi taʼlim tizimidagi islohotlar samaradorligini taʼminlash, oʻqitish sifatini oshirish orqali inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan.

    Jumladan, pedagog kadrlar maqomini oshirish, bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasida aniq vazifalar belgilangan. Bu chora-tadbirlar taʼlim tizimining harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan pedagoglarning kasbiy izlanishga ragʻbatini kuchaytirdi.

    “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingani soha xodimlari qatori Urganch davlat pedagogika instituti jamoasi va talabalarini ham ruhlantirdi. Chunki qonun bilan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, faoliyatimizning asosiy kafolatlari, mehnatimizga yarasha haq toʻlanishi, ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya tamoyillari belgilab qoʻyildi. Umuman, oʻqituvchining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasida boʻlishiqonun bilan mustahkamlandi. Bu saʼy-harakatlar pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari faoliyatini ragʻbatlantirish bilan birga boʻlgʻusi mutaxassislarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.

    Ayni paytda Urganch davlat pedagogika institutida yoshlar 15 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 7 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha taʼlim olmoqda. Yangi oʻquv yilidan ular qatoriga yana 4 ta yoʻnalish qoʻshilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, institutda taʼlim va tarbiya nazariyasi hamda metodikasi yoʻnalishi boʻyicha ilmiy kengash ochildi. OTM tarkibida oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bosqichida 7 ta ixtisoslik boʻyicha tayanch doktorantura tashkil etildi. Hozir institutda ikkita ilmiy jurnal chiqarilmoqda.

    Auditoriyalar zamonaviy jihozlar bilan toʻliq taʼminlangan. “Besh tashabbus xonasi”, Axborot texnologiyalari parki inkubatsiya markazi, musiqa muzeyi, psixologik trening markazi, sport zali, talabalarning ijodiy ishlari koʻrgazmasi muzeyi, ayniqsa, yaqinda barpo etilgan hamda yoshlarning bilim va tajriba almashishi, dam olishi uchun goʻzal goʻshaga aylanib borayotgan Jadidlar bogʻi boʻlgʻusi pedagoglar xizmatida.

    Institutning bugungi yutuqlarida xalqaro nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani muhim oʻrin tutmoqda. Xususan, Sinszyan, Shensi pedagogika, Nankin texnologiyalar, Lanjou transport universitetlari (Xitoy), Dongshin universiteti (Janubiy Koreya), Egey, Burdur Mehmet Akif Ersoy, Nejmettin Erbakan universitetlari (Turkiya), Ozarbayjon davlat pedagogika, madaniyat va sanʼat hamda tillar universitetlari bilan aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, Rossiyaning Astraxan davlat universiteti, Novosibirsk davlat texnika universiteti, Qozon federal universiteti, Belarusning Grodno davlat universiteti, Iordaniyaning Jadara universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolangan.

    Dubayda boʻlib oʻtgan “The 2023 UI GreenMetric World University Rankings” xalqaro konferensiyasida Urganch davlat pedagogika instituti Times Higher Education (THE) — universitetlarning xalqaro reytingini baholash tashkiloti aʼzosiga aylandi. Oʻtgan yili avgustida ERASMUS platformasidan roʻyxatdan oʻtdi.

    Ayni kunlarda OTM hududida 400 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joyi qurilishi nihoyasiga yetmoqda. Kelgusi yilda institutning 1000 oʻringa moʻljallangan zamonaviy yangi oʻquv binosini qurish maqsad qilingan. Shu tariqa talabalar uchun bosqichma-bosqich munosib sharoit yaratilmoqda. Bu saʼy-harakatlar sifatli mutaxassislar tayyorlash yoʻlidagi ishlardir. Hademay yangilanish samara berib, maktablarimizga ishtiyoqi baland pedagoglarning yangi avlodi kirib boradi.

    Feruza MADRAHIMOVA,

    pedagogika fanlari doktori,

    dotsent