Ko‘pkari sovriniga tikilgan bo‘ri ozod qilindi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatida o‘tkaziladigan ko‘pkari uchun Zomin qo‘riqxonasidan bo‘ri olib kelinishi haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Sirdaryo va Jizzax viloyatlari Ekologiya hamda Ichki ishlar boshqarmalari xodimlari tomonidan tezkorlik bilan hamkorlikdagi o‘rganish ishlari olib borildi. 

    Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmatining qayd etishicha, Sirdaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi hamda Ichki ishlar xodimlarining o‘rganishlarida videotasvirdagi fuqarolardan biri Xovos tumanining “Istiqlol” MFYda yashovchi fuqaro SH.R ekani aniqlandi.

    O‘rganishlar davomida SH.R ko‘pkari sovrini uchun bo‘ri qo‘yishni maqsad qilgani, videotasvirdagi holat Jizzax viloyatining Zomin tumanida tasvirga olingani va bo‘ri ushbu tumanda yashovchi fuqaro E.A ning uyida saqlanayotganini bildirgan. Holat yuzasidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Jizzax viloyati Ekologiya va Ichki ishlar boshqarmalari xodimlariga tegishli maʼlumotlar taqdim qilindi.

    Ushbu maʼlumotlarga asosan Zomin tumani Ekologiya bo‘limi va ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida “Turkman” MFYda yashovchi K.G‘. ismli fuqaro o‘z xonadonida bo‘rini noqonuniy tarzda tutqunlikda saqlab kelayotgani aniqlandi. Ushbu fuqaro bu harakati bilan O‘zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunining 4, 32, 33-moddalari talablarini buzgan.

    Shundan kelib chiqib, mazkur fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 90-moddasi, 1-bandiga asosan BHMning 10 baravari, yaʼni 3 million so‘m miqdorida jarima belgilandi.

    Davlat inspektorlari tomonidan bo‘rining holati ko‘zdan kechirilganda, jonivor sog‘lom ekani maʼlum bo‘ldi. Shundan so‘ng bo‘ri tabiat bag‘riga qo‘yib yuborildi.