Bu koʻhna dunyo yaralibdiki, odamzod hamisha farzandi uchun yashaydi, bolajonlarining baxti va kamoli uchun borini, borligʻini baxsh etadi. Zero, inson hayotining mazmuni ham, zavqi va shavqi ham, oila koʻrki, baxtu-quvonchi ham buyuk neʼmat – farzand hisoblanadi.

Shu maʼnoda, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni har yili dunyo miqyosida keng bayram qilinishi bejiz emas. Binobarin, bu sana insoniyat tarixi sahifalariga zarhal harflar bilan bitib qoʻyilgan sanoqli qutlugʻ bayramlardan biridir.

Maʼlumotlarga qaraganda, Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni 1925-yili Jenevada boʻlib oʻtgan Bolalar farovonligi boʻyicha butunjahon konferensiyasida eʼlon qilingan. Shundan buyon ushbu sana dunyoning koʻplab davlatlarida bolajonlar bayrami sifatida nishonlab kelinadi.

Bola huquqlari boʻyicha xalqaro va milliy darajada koʻplab maxsus hujjatlar mavjud. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 1989-yili 20-noyabr kuni Nyu-Yorkda bola huquqlari boʻyicha xalqaro darajadagi asosiy hujjat – BMTning Bolalar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini qabul qilgan.

Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya 54 ta moddadan iborat boʻlib, uning talablari barcha bolalarga nisbatan qoʻllanadi. Konvensiyada butun dunyo mamlakatlari uchun bolalar huquqlarini himoya qilishni taʼminlashga oid vazifalar oʻz aksini topgan.

Eng muhimi, Konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlatlar tomonidan birinchi marta bola – “hurmat qilish va kafolatlash” talab qilinadigan huquqlarga ega shaxs sifatida eʼtirof etildi. Ushbu qoida bola jamiyatning juda himoyasiz aʼzosi ekanligi va shuning uchun ham alohida himoyani talab qilishi va bunga loyiq ekanini koʻrsatadi.

Konvensiyaga binoan, bola mustaqil shaxs, oʻz huquqlariga ega shaxs sifatida tavsiflanadi. Yaʼni, Konvensiyada bolaning yashash (6-modda), oila qurish (9-modda), ism va fuqarolikka ega boʻlish huquqlari mustahkamlab qoʻyilgan.

BMT Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi mustaqillik yillarida mamlakatimiz ratifikatsiya qilgan dastlabki xalqaro shartnomalardan biri boʻlib, bugungi kunda uning talablariga rioya etilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston 1992-yilda mazkur Konvensiyaga qoʻshilgach, bola huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha bir qancha xalqaro-huquqiy majburiyatlarni oʻz zimmasiga oldi.

Konvensiya qoidalaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasiga Konvensiyaning bajarilishi toʻgʻrisida doimiy ravishda hisobotlar taqdim etib kelmoqda.

Shuni taʼkidlash joizki, bola huquqlarini himoya qilish sohasida qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun Oʻzbekistonda xalqaro huquqiy normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yoʻlida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Amaldagi qonunchilikda bolalarning huquq va manfaatlariga, shuningdek ularning himoyasiga alohida eʼtibor berilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish boʻyicha tegishli huquqiy baza shakllangan. Bu haqda soʻz borganda, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunlar va boshqa qonun hujjatlarini sanab oʻtish mumkin.

Bola huquqlari sohasidagi qonunchilikning asosini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tashkil etadi. Unga muvofiq, bolada tugʻilishi bilanoq inson va fuqaroning huquq, erkinliklari vujudga keladi hamda ular davlat tomonidan kafolatlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasiga koʻra, bolalar ota-onalarining kelib chiqishi va fuqarolik holatidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.

Konvensiya talablariga muvofiq, bola huquqlarini mustahkamlagan va ularning himoya kilinish shakllarini takomillashtirgan Fuqarolik va Oila kodekslarining qabul qilinishi bola huquqlari himoyasi boʻyicha qonunchilik rivojiga jiddiy hissa qoʻshdi.

Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya BMTning bolalikni muhofazalash bobidagi eng universal hujjati hisoblanadi. “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ushbu Konvensiyada mustahkamlab qoʻyilgan bola huquq va manfaatlarining barcha qirralarini qamragan.

“Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunning eng asosiy jihatlaridan biri, unda bola huquqlarini taʼminlashga qaratilgan qariyb barcha qoidalarning jam qilinganidir. Mazkur qonun Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bola huquqlarining asosiy va qoʻshimcha kafolatlarini oʻz ichiga olgan.

Shu bilan birga, bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning har tomonlama kamolga yetishini taʼminlash borasidagi serqirra faoliyatning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurati ham tobora ortib bormoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va amaliyotga tatbiq etilgan Harakatlar strategiyasida ana shu dolzarb zarurat va ehtiyojlarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, davlatimiz rahbari 2019-yil 22-aprelda qabul qilgan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon bu borada ulkan ahamiyat kasb etdi.

Farmonga muvofiq, Ombudsman hozirda bolalar huquqlari boʻyicha oʻz oʻrinbosariga ega. Yaʼni, yurtimizda Bolalar ombudsmani instituti taʼsis etildi.

Oʻz navbatida, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida bu borada yanada yuksak marralar belgilab olindi. Shu asosda ayni vaqtda mamlakatimizda onalik va bolalikni qoʻllab-quvvatlash, bolalarning maʼnaviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida keng koʻlamli ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda.

Chunki bolalar – hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir. Ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir davlat, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchidir. Oʻzbekistonda farzandlarimiz ana shunday yuksak mehr-muhabbat va ulkan gʻamxoʻrliklar ogʻushida voyaga yetmoqda.

Dunyoning koʻplab mamlakatlari qatori Vatanimizning barcha hududlarida 1-iyun – Xalqaro bolalar kuni oʻziga xos tantanalar bilan nishonlanayotgani bu fikrimizni amalda tasdiqlaydi. Bayramga bagʻishlanib oʻtkazilayotgan turli tadbirlar, koʻngilochar oʻyinlar, konsert dasturlari, sport musobaqalari shular jumlasidandir.

Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, betob, nogiron bolajonlarga koʻrsatilayotgan saxovat va xayriya tadbirlari, turli insonparvarlik aksiyalari jajjilarimizning kemtik koʻngillariga nafaqat malham boʻlmoqda, balki ularga cheksiz quvonch ham bagʻishlamoqda. Munis chehralarda shirin tabassumlar paydo qilmoqda.

Bola tabassumi bilan dunyo yasharadi, yashnaydi, yangilanib boraveradi. Negaki bolaning begʻubor kulgisi insonga yashash uchun kuch ato qilsa, ishlash, izlanish, yaratish uchun esa bardavom ragʻbat va ishonch baxsh etadi.

Oydin Ibrohimova,

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazi Matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi