Bo'ron tufayli Buenos-Ayres shaharning ramziga zarar yetdi

    Bo'ron tufayli Argentina poytaxtining asosiy diqqatga sazovor obyektlaridan biri – Floralis Generica mexanik “gul”ining oltita "yaproq"laridan biri yerga sinib tushdi.

    Obyekt uni ishlab chiqqan argentinalik arxitektor Eduardo Katalano tomonidan shaharga sovg'a qilingan va 2002-yilda o'rnatilgan. Arxitektorning g'oyasiga ko'ra, balandligi 20 metr, og'irligi 18 tonna bo'lgan gul gidravlik tizim orqali har kuni ochilib-yopilib turishi kerak edi, biroq nosozliklar tufayli so'nggi yillarda mexanizm harakatdan to'xtab, goh yopiq, goh ochiq holatda qolib ketavergan.

    Buenos-Ayresga bo'ron yopirildi. Shamol tufayli shahardagi yuzlab daraxtlar ag'anab tushdi va aeroportlardan birining ishini izdan chiqardi. Shaharda bo'lib o'tayotgan festivalda 15 kishi jarohatlangan. Daraxt shoxining sinib tushishi oqibatida boshidan jarohat olgan ayol vafot etdi.

    Avvalroq Argentinaning Atlantika okeani sohilida joylashgan Baiya-Blanka shahrida tabiiy ofat yuz bergan edi. U yerda kuchli shamol tufayli o'sha paytda tomoshabinlar ishtirokida sport tadbiri o'tayotgan binoning tomi qulab tushgan. Kamida 13 kishi halok bo'lgandi, deb xabar beradi tass.ru.