Borsakelmasdagi eko-marafon xalqaro jamoatchilik eʼtiborini jalb qildi

    14–15-sentyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi noyob tabiiy maskan – Borsakelmas hududida “Sayyoramiz kelajagiga qoʻshgan hissamiz” xalqaro ekomarafoni boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan ProRun yugurish maktabi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Joriy yilda marafonda rekord darajadagi – Oʻzbekiston, Hindiston, Keniya, Togo, Sudan, Iordaniya, Ispaniya, Kanada, Daniya, Belarus, Rossiya kabi 11 davlatdan 250 nafar professional va havaskor yuguruvchi ishtirok etdi.

    Yuguruvchilar orasida Nike kompaniyasining musulmon ayollar oʻrtasida yugurishni targʻib qiluvchi elchisi Farah Majid va Adidas vakili Gʻani Sulaymon bor. Ishtirokchilarning turli davlatlardan ekanligi tadbirning xalqaro maqomga ega ekanligini va tobora ommalashib borayotganini koʻrsatadi.

    Ishtirokchilar xavfsizligi va qulaylikni taʼminlash maqsadida marafonni tashkil etishga 200 kishi jalb etildi. Ikki kunlik tadbir dasturida oʻtov lagerida joylashtirish, madaniy dastur, etno-shou, Borsakelmas shoʻrxok hududiga sayohat, 42 km marafon, 21 km yarim marafon va 5 hamda 10 km masofaga yugurish oʻrin oldi.

    Taʼkidlash joizki, Borsakelmas marafoni nafaqat sport tadbiriga, balki inson va tabiat birligining haqiqiy bayramiga aylandi. U sport nafaqat musobaqa, balki atrofimizdagi hayratlanarli olamni kashf etish va uni asrab-avaylashga hissa qoʻshish vositasi boʻlishi mumkinligini isbotladi.

    Ushbu marafon yuguruvchilarni, ekoturistlarni va atrof-muhitga gʻamxoʻrlik qilayotganlarni sayyoradagi noyob joylarni saqlash uchun yagona harakatga birlashtirdi. Ishtirokchilarga haqiqatan ham muhim boʻlgan tabiatimizni qoʻllab-quvvatlab, oʻz kuch va matonatini namoyish qilish imkoniyati berildi.

    Tashkilotchilar Borsakelmas marafoni har yili oʻtkaziladigan tadbirga aylanib, ishtirokchilar va eʼtiborni ekologik muammolar va noyob tabiiy obyektlarni asrab-avaylash masalalariga tobora koʻproq jalb etishiga umid bildirishdi.