Bosh aylanishi kasallik emasmi?

    Salomatlik 15 May 2023 3812

    Bilamizki, koʻp holatlarda turganda, oʻtirganda, yurganda yoki boʻlmasa biron bir yumushni bajarganda oʻz oʻzidan boshimiz aylanib, muvozanatni yoʻqotamiz.

    Xoʻsh, bu nimaning belgisi boʻlishi mumkin? Bu savolga nevropatolog, Guliston shahar tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi nevrologiya boʻlimi boshligʻi Ahror Yoʻljoʻrayev quyidagicha javob berdi:

    — Bosh aylanishi charchoq va behuzurlikning toʻsatdan paydo boʻluvchi alomati boʻlib, bunda insonga uni oʻrab turgan olam atrofida aylanayotgandek tuyuladi, — deydi Ahror Yoʻljoʻrayev. — Bu juda yoqimsiz hissiyot boʻlib, deyarli hushdan ketishgacha olib borishi mumkin. Biroq, ushbu xurujning bir oʻzi hayot uchun xavfli holatlardan darak berishi juda kam uchraydi.

    Bosh aylanishi alohida kasallik boʻlmay — ayrim kasalliklarning simptomi sifatida kuzatiladi (insultdan tortib, saratongacha).

    Deylik, boshning tez-tez va uzoqroq aylanishi quloqning jiddiyroq kasalliklari (vestibulyar nervning virusli infeksiyalari, labirintit)da uchraydi. Bunday bosh aylanishiga beeʼtibor boʻlmaslik kerak. Chunki bu holatda kasallik belgilarsiz boshlanib, infeksiyaning miyaga oʻtib ketish xavfi yuqori boʻladi.

    Bosh aylanishining bir xuruji hech qachon ikki haftadan ortiq vaqt davomida sodir boʻlmaydi — bu davr mobaynida organizm noxush hisga moslashishga ulgura oladi.

    Birdaniga holsizlik, koʻrish yoki eshitishning, nutqning buzilishi bilan kechadigan bosh aylanishi ham bor. Bunday holat insultni bildiradi. Agar bemorning nutqi oʻzgarib, yuz simmetriyasi buzilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki insult kasalligida oʻz vaqtida tegishli va toʻgʻri yordam koʻrsatilmasa oʻlim va turli shakldagi asoratlar kuzatilishi mumkin.

    Eng muhimi, bosh aylanishi yosh, oʻspirin kishilardan koʻra keksa kishilar, yaʼni 70 yoshdan oshgan odamlarda, katta yoshli erkaklarga nisbatan ayollarda tez-tez uchraydi. Bunga sabab qon tomirlarning torayishi va osteoxondroz kabilar boʻlishi mumkin.

    Oʻtirgan joydan turilganda qisqa vaqtli ortostatik bosh aylanishi koʻp uchraydigan holat. Koʻpincha u organizmda suyuqlik yetishmasligi bilan bogʻliq boʻladi. Shu sababli kunning issiq vaqtlarida koʻproq suyuqlik ichish kerak. Agar sizda suvsizlanish yoʻq boʻlib, ortostatik bosh aylanishi boʻlsa, sizda yurak ritmining buzilishi yoki yurak yetishmovchiligi boʻlishi mumkin.

    Bunday holat tez-tez takrorlansayu, uzoqroq vaqt davom etsa, bosh aylanishi bilan birga kuchli bosh ogʻriqlari, yurishning qiyinlashishi va yiqilish, koʻngil aynishi va qusish, hushdan ketish, nafas olishning qiyinlashishi, boʻyin muskullarining tortishishi va talvasalar kuzatilsa, unda malakali mutaxassisga murojaat qilish, qoʻshimcha tekshiruvlardan oʻtish kerak boʻladi.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati olib bordi.