Boʻsh yer uchastkalaridan samarali foydalaniladi

    “Hududlarning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish va boʻsh yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-245-son, 08.07.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, quyidagilar tasdiqlandi:

    • Urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, shaharlar va tumanlar markazlarini rivojlantirish hamda aglomeratsiya hududlarini tashkil etishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar va shaharlar roʻyxati;
    • Aholi va sayyohlar uchun barcha qulayliklarga ega turizm maskanlarini tashkil etishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar va shaharlar roʻyxati;
    • Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan hamkorlikda kompleks iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar roʻyxati.

    Aholi ehtiyojidan kelib chiqib koʻp qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar majmualarini tashkil qilish master-rejalarning asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.

    2024-yil 1-avgustdan joriy yil yakunigacha belgilangan master-rejalarga muvofiq zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualari va servis obyektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar, savdo-koʻngilochar markazlarini tashkil qilish uchun master-reja hududidagi yer uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi.