Bosh hisobchi bank kreditini talon-toroj qilgani aniqlandi

    754 milion so'm dastlab MCHJ hisob-raqamiga va u orqali plastik kartaga o'tkazilgan.

    Voqea Yangiyo'l shahrida sodir bo'lgan. Bosh hisobchi akasining nomidagi MCHJga bank kreditini o'tkazib, talon-toroj qilgan. Bu haqida Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

    Departamentning Yangiyo'l shahar bo'limi tomonidan “O'zmilliybank” AJning Yangiyo'l filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o'tkazilgan. Unda Yangiyo'l filiali bosh hisobchisi J.M. kredit mablag'larini o'zlashtirish maqsadida, akasi J.ning nomiga “Z.B.” MCHJni tashkil qilib, 11 nafar fuqaroning nomiga kredit hujjatlarini rasmiylashtirib, ularga ajratilgan 754 million so'mni dastlab “Z.B.” MCHJ hisob-raqamiga va u orqali plastik kartaga o'tkazib, talon-toroj qilgani aniqlangan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-toroj qilish), 179-moddasi (soxta tadbirkorlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda, deyiladi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament xabarida.