Qayd etilishicha, soʻnggi vaqtlarda Turkiya hududida ayrim toifadagi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston fuqarolariga yirik pul mablagʻlari evaziga AQSHga doimiy yashashga yuborish, shuningdek, Yevropa mamlakatlarining vizalarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qilish orqali firibgarlik jinoyatlarining sodir etilishi holatlari koʻpaymoqda.
Bu toifadagi shaxslarga ishongan fuqarolarimiz jiddiy muammolarga duch kelib, ularning koʻrsatmasi bilan turli xorijiy davlatlarga, asosan Osiyo va Afrika davlatlariga borib, u yerda sarson-sargardon boʻlmoqda.
Bosh konsulxona fuqarolardan AQSHga yoki Yevropa mamlakatlariga qonuniy yoʻl bilan chiqish uchun faqat rasmiy vakolatli idoralarga murojaat qilishni, hech kimga vizani yoki AQSHga noqonuniy oʻtishni vaʼda qilib, pul talab qilayotgan shaxslarga ishonmaslikni, shaxsiy hujjatlarni begona odamlarga topshirmaslikni tavsiya qilmoqda.
Maʼlumot uchun: Kuni-kecha AQSHga ketish ilinjida firibgarlar tuzogʻiga tushib, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida farzandi bilan ogʻir ahvolda qolgan yana bir ayol vatandoshimiz Bosh konsulxona yordamida Oʻzbekistonga yuborildi, — deyiladi xabarda.