Qayd etilishicha, firibgarlar ishga joylashish, uy-joy va qonuniy hujjatlarni rasmiylashtirish boʻyicha yolgʻon vaʼdalar berib, fuqarolarni ogʻir ahvolga solmoqda.
Bosh konsulxona noqonuniy mehnat faoliyatini boshlagan yoki firibgarlar tomonidan aldanganlar, quyidagi muammolarga duch kelishini maʼlum qildi.
— Ish haqi vaʼda qilinganidan ancha kam toʻlanishi yoki umuman berilmasligi
— Ish sharoitlari ogʻir yoki yomon boʻlishi
— Ish beruvchi tomonidan noqonuniy ekspluatatsiya va haqorat
— Turkiyada noqonuniy mehnat qilish oqibatida deportatsiya va jarimalar
— Turkiyaga kelganingizdan soʻng, aeroportda kutib olish vaʼda qilinib, pulingiz oʻzlashtirilgandan keyin vositachining gʻoyib boʻlishi.
Yuqoridagi holatlarda vatandoshlarimiz va ish taklif qilgan shaxslar oʻrtasida hech qanday rasmiy hujjat mavjud boʻlmaganligi sababli, firibgarlarni javobgarlikka tortish juda qiyin boʻladi.
Turkiyada ishlash uchun chet ellik fuqarolar maxsus ruxsatnoma – ish ruxsatnomasiga (Çalışma İzni) ega boʻlishlari shart!
Shuningdek konsulxona ish izlash uchun faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (www.migration.uz) (http://www.migration.uz/) yoki litsenziyaga ega rasmiy agentliklarga murojaat qilishni taklif qildi.









