— Mushaklar zararlanishi bilan kechuvchi asab kasalliklari qaysilar? Bunday xastaliklar bilan ogʻrigan bemorlarga qanday ovqatlanish tavsiya etiladi?

— Asab tizimining mushaklar zararlanishi bilan kechuvchi kasalliklari guruhiga miopatiyalar, miasteniyalar, miastenik sindrom, miotoniyalar, paroksizmal mioplegiyalar deb ataluvchi va mushaklarda kuchayib boruvchi distrofik oʻzgarishlar kuzatiladigan nasliy xarakterdagi kasalliklar kiradi. Xastalik rivojlanib borgan sari koʻndalang — targʻil mushaklar oʻrnini yogʻ va biriktiruvchi toʻqimalar egallaydi.

Buning oqibatida mushaklar oʻz ogʻirligini yoʻqotib, atrofiya (kichrayish) rivojlanadi. Shu sababli, bemorlarga kaliy, magniy, aminokislotalar hamda oqsilga boy mahsulotlardan iborat boʻlgan taomlar buyuriladi.

Poliz mahsulotlaridan baqlajonning tarkibida juda koʻp miqdorda kaliy, magniy, natriy, fosfor elementlari va RR, S, V guruhidagi vitaminlar borligini eslatib oʻtmoqchimiz. Shuning uchun mushak kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlarga baqlajondan tayyorlangan taomlarni isteʼmol qilishni tavsiya etish lozim.

— Bosh ogʻriqlari ham asab kasalliklaridan biri hisoblanadi. Bu xastalikda nimalarni koʻproq isteʼmol qilgan maʼqul?

— Bosh ogʻriqlari tabobatda migren nomi bilan yuritiladi. Bu xastalikka chalingan bemorlar quyidagi oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishlari maqsadga muvofiq:

– dengiz baligʻi;
– taom tayyorlashda joʻxori va paxta yogʻlaridan foydalanish;
– yongʻoq, zira, bodom, zaytun yogʻi.

Migren bilan kasallangan bemorlarga xurujlarning oldini olish maqsadida quyidagi taom tavsiya etiladi: bir dona xom tuxum stakanga solinib yaxshilab aralashtiriladi va ustiga qaynatilgan sut solinib yana aralashtiriladi. Aralashma tingandan soʻng ichiladi. Muolajani haftada ikki-uch marotaba takrorlash mumkin.

— Migrenning oldini olish mumkinmi?

— Quyidagilarga amal qilgan kishida bosh ogʻriqlari kuzatilishi ancha kamayadi:

– bosh ogʻrigʻini kuchaytirish ehtimoli boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmol qilishni cheklash;
– muntazam badantarbiya bilan shugʻullanish va sogʻlom hayot tarziga rioya qilish;
– ortiqcha aqliy va jismoniy zoʻriqishlardan saqlanish;
– bosh ogʻrigʻi xurujini kuchaytirishi mumkin boʻlgan tashqi taʼsirlar (radio eshitish, televizor koʻrish va boshqalar) ni kamaytirish.

Quyidagilar migren xurujini kuchaytirib, bosh ogʻrigʻiga olib kelishi mumkin:
– feniletilamin (shokolad tarkibida);
– tartrazin (pishloq, dudlangan baliq tarkibida);
– glyutaminat (spirtli ichimliklar, qahva, shokolad tarkibida).

Ushbu mahsulotlarni isteʼmol qilish migrenga moyilligi boʻlgan (ota-onasida ushbu kasallik kuzatilgan, tez-tez bosh ogʻrishi bezovta qiladigan) kishilarga ham taqiqlanadi.

— Nevrozlar va ulardan saqlanish haqida ham maʼlumot bersangiz.

— Nevrozlar ruhiy-asab kasalliklari guruhiga mansub boʻlib, asab zoʻriqishlari bilan namoyon boʻladi. Ular orasida koʻproq uchraydigani nevrasteniya hisoblanib, odatda, oʻta qoʻzgʻaluvchanlik hamda taʼsirchanlik, tez charchash va holsizlik bilan birga kechadi. Bemorlarni uyqu buzilishi, tez xafa boʻlish, yigʻloqilik, yurak urib ketishi, koʻp terlash, ishtahaning pasayishi kabi holatlar bezovta qiladi. Sanab oʻtilgan belgilarning uzoq davom etishi bemorni aqliy jihatdan ham tez toliqishiga olib keladi. Buning oqibatida xotira pasayishi, bosh ogʻrishi kabi belgilar kuchayadi.

Bunday bemorlar sogʻlom turmush tarzining barcha tamoyillariga amal qilishlari muhim ahamiyatga ega. Nevroz kuzatilgan bemorlarga parhez buyurishda asab tizimini tinchlantiruvchi, uyquni yaxshilovchi, tetiklashtiruvchi, xotirani tiklovchi xususiyatga ega boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlaridan tarkib topgan taomlar tavsiya etiladi.