Bosh prokuratura ekologiya xodimlariga oʻtkazilgan tazyiq boʻyicha tekshiruv boshladi

    Bosh prokuratura “Yashil makon”dagi bosim va koʻzboʻyamachiliklar haqida tarqalgan xabar yuzasidan tekshiruv boshlanganini maʼlum qildi.

    Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev oʻzining telegram kanalida Yakkasaroy, Shayxontohur va Uchtepa tumanlari xodimlariga nisbatan koʻchatlar ekilgani toʻgʻrisidagi asossiz maʼlumotlarni maxsus elektron platformaga kiritish borasida tazyiq oʻtkazilganini maʼlum qildi.

    Xususan, Yakkasaroy tumani ekologiya boʻlimi boshligʻi K.Bekturganov 29-mart kuni tungi soat 03:00da ichki ishlar xodimlari tomonidan uyidan olib ketilib, ekilmagan daraxtlarni “Yashil makon” platformasiga kiritib, tasdiqlash talab qilingan. K.Bekturganov chamasi 10 soatlar ichki ishlar xodimlari tomonidan noqonuniy ushlab turilgan.

    Bundan tashqari 30-mart kuni kunduzgi soat 10:00da Shayxontohur tumani ekologiya boʻlimi boshligʻi X.Miraxmedov chamasi 3 soatlar tuman prokuraturasida noqonuniy ushlab turilib, ekilmagan daraxtlarni “Yashil makon” platformasiga kiritish hamda tasdiqlash talab qilingan.

    Shuningdek, Uchtepa tumani hokimligi tomonidan 03.04.2024-yilda Uchtepa tumani ekologiya boʻlimi xodimlari oʻz ishxonasiga yaʼni tuman ekologiya boʻlimi xonasiga kiritilmay bosim oʻtkazilgan.

    Bosh prokuratura tomonidan asossiz maʼlumotlarni maxsus elektron platformaga kiritish borasida tazyiq oʻtkazilgani haqidagi xabar asosida tekshirish boshlanganini maʼlum qildi.

    Tekshirish davomida xabardagi har bir holat oʻrganilib, unda eʼtirof etilgan davlat organlari mansabdor shaxslarining hatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi taʼminlanadi.