“102” xizmati orqali kelib tushgan jinoyat haqidagi xabarlarni avtomatik tarzda roʻyxatga olish, yaʼni, har bir murojaatni “raqamli izi” qoladigan tizim yaratilgani oʻz natijasini berdi. Lekin ayrim tuman va shahar ichki ishlar rahbarlari statistikani yaxshilash uchun jinoyatni yashirayotgani, roʻyxatga olishni oylab choʻzib yurgani qayd etildi.
Yangi ichki ishlar vaziriga har bir mahalladagi profilaktika maskanlarini kuzatuv kamerasi va har bir inspektorni “bodi kamera” bilan taʼminlab, huquqbuzarliklarni roʻyxatga olish boʻyicha yangi platformani ishga tushirish topshirildi.
Jinoyatlarni hisobga olish tizimini toʻliq raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi.
Prokurorlar tergov ustidan nazoratni susaytirib yuborgani koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, sudlar tomonidan 637 ta jinoyat ishi kamchiliklari uchun tergovga qaytarilgan.
Bosh prokuratura tergov sifatini oshirish hamda jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha yanada qattiq ishlashi kerakligi qayd etildi.
Bosh prokuratura ham, ichki ishlar vazirligi ham uygʻonishi, yangicha ishlab, bir-birini tiyib turishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.