Bosh prokuratura huzuridagi IJQKD xodimlari katta pora bilan qoʻlga tushdi

    Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Guliston tuman boʻlimi boshligʻi va Bekobod shahar boʻlimi katta tezkor vakili fuqarodan 25 ming dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Bu haqda DXX maʼlum qildi.

    Maʼlum boʻlishicha, ular Zangiota tumanida faoliyat yurituvchi 4 ta MCHJning norasmiy rahbari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 184-moddasi 3-qismi bilan qoʻzgʻatilib, hozirda jinoyat ishlari boʻyicha Zangiota tuman sudida koʻrilayotgan jinoyat ishini ularning foydasiga ijobiy hal qilishni hamda Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi tomonidan 2 ta MCHJda oʻtkazilgan kameral soliq tekshiruvlarini noqonuniy deb topib berishni vaʼda qilishgan.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, IJQKD xodimlari jinoyat ishi doirasida soliq tekshiruvi oʻtkazish orqali aniqlangan zarar miqdorini kamaytirish evaziga MCHJlarning norasmiy rahbaridan muqaddam 108 ming AQSH dollari ham olishgan.

    Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.