Bosh prokuratura nega talon-toroj qilingan bank nomlarini yashirib keladi?

    Mamlakatimizda 24 Noyabr 2022 2184

    Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti talon-toroj qilingan bank nomlarini nega ochiq yozmasligini maʼlum qildi.

    "Axborot tarqatishda jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, biroq sud hukmi chiqarilmagan ishlar boʻyicha jismoniy va yuridik shaxlarga doir maʼlumotlarni eʼlon qilishda qonun normalariga qatʼiy amal qilinishi Departament organlarining eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi hamda Jinoyat protsessual kodeksining 23-moddasida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanishi belgilangan.

    Ushbu normalarga binoan Departamentning rasmiy telegram kanalida nafaqat banklar, balki boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning ham nomlari ularning aybi qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlanmagunga qadar qisqartirilgan shakllarda taqdim etib borilmoqda.

    Xabarlarni yoritishda, jinoyat sodir boʻlgan qaysidir tashkilot yoki bank muassasasi nomining toʻliq ochiqlanishi qonunchilikka zid boʻlishi barobarida keng jamoatchilik oʻrtasida nafaqat ushbu tashkilotlarning nufuzi, balki ularda faoliyat yuritayotgan halol, oʻz kasbiga sadoqatli xodimlarning ishchanlik obroʻsiga salbiy taʼsir etishi hamda jamoatchilikda asossiz ishonchsizlik fikrlari shakllanishiga olib kelishi mumkin.

    Shu bilan birga bank muassasasining bevosita murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar jarayonida aniqlangan jinoyatlar haqidagi xabarlarda bank nomlari koʻrsatilayotganligini eslatib oʻtmoqchimiz.

    Departament organlari kelgusida ham amaldagi qonunlarga rioya qilgan holda faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikka tezkor va xolis axborotlar berilishi boʻyicha barcha choralar koʻrilishini taʼminlaydi", deyiladi xabarda.