Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida navbatdagi brifing boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari Sh.Aminov saylov jarayonida fuqarolarning huquqlarini, shuningdek, qonuniylikni taʼminlash boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.
Qayd etilganidek, qonuniylikni taʼminlash, saylovga oid kelib tushgan murojaatlarni tezkor, xolis va qonuniy koʻrib chiqilishini taʼminlash borasida prokuratura organlari xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuzilgan.
Bosh prokuraturada xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil qilindi. Markaziy saylov komissiyasi bilan muntazam aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.
Prokuratura organlariga bugunga qadar saylov masalasiga oid 6 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 2 tasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sayloviga, 4 tasi esa mahalliy Kengash deputatlari sayloviga oid.
Qayd etilganidek, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda saylovga oid eʼlon qilingan xabar va maʼlumotlar ham kuzatib borildi va saylov qonunchiligi buzilmagani aniqlandi.
Shuningdek, brifingda fuqarolar saylov qonunchiligi buzilishi holatiga duch kelganda, prokuratura organlarining 10-07 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilib, murojaat qilishi mumkinligi aytib oʻtildi.