Masalan, Tuproqqalʼa, Kitob, Yakkabogʻ va Paxtachida ajratilgan kreditlar kamida 20 foiz oshgan boʻlsa, sanoat oʻsishi 3 foiz ham boʻlmagan.
Agar viloyat hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari mazkur korxonalarning muammosini eshitib, vaqtida yechim topganida respublika sanoatida qoʻshimcha 1 foiz, yalpi ichki mahsulotda 0,1 foiz oʻsish boʻlardi, byudjetga qoʻshimcha 1 trillion soʻm tushum tushardi.
Bosh prokuraturaga soʻnggi uch yilda ishga tushgan, lekin past quvvatda ishlayotgan loyihalarni, ushbu korxonalar faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan har bir masalani birma-bir oʻrganish topshirildi.
Umuman, mutasaddilarga respublika sanoatini kamida 8,5 foizga oʻstirish boʻyicha tarmoqbay va hududbay reja tasdiqlash vazifasi qoʻyildi.
Birinchi chorak yakuni bilan sanoat korxonalarida nechta masala aniqlanib, qanchasi hal qilinganiga qarab, iqtisodiy kompleks, tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlarining faoliyatiga baho berilishi qayd etildi.