Bosh prokurorning 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi

    Xavfsizlik 29 Aprel 2022 2170

    Senatning 29-aprelda boʻlib oʻtgan yalpi majlisida Bosh prokurorning 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.

    Hisobotda prokuratura organlari tomonidan mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash borasida 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

    Qayd etilishicha, ijtimoiy sohada belgilangan dolzarb vazifalar ijrosi, ayniqsa, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini taʼminlash, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash va ularni kambagʻallikdan chiqarish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Xususan, 4 187 nafar fuqaroga oʻz vaqtida toʻlab berilmagan 7 milliard soʻmlik ish haqi, pensiya va nafaqalar undirib berilgan, shu bilan birga, 29 milliard soʻmlik bunday toʻlovlar talon-taroj qilinganligi aniqlanib, tegishli choralar koʻrilgan.

    Mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida oʻta muhim boʻlgan Investitsiya dasturlari ijrosini soʻzsiz taʼminlash, davlat xaridlari sohasida qonuniylikni mustahkamlashga ustuvor masala sifatida ahamiyat qaratilib, koʻrilgan choralar natijasida “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa dasturlarga kiritilgan loyihalar uchun rejalashtirilgan mablagʻlardan 1,5 trillion soʻmi tejab qolinishiga erishilgan.

    Oʻz navbatida, senatorlar prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga ayrim yoʻnalishlarda nazoratni yanada kuchaytirish lozimligini taʼkidladi.

    Jumladan, 6 462 ta jinoyatni hisobdan yashirish holatlari aniqlanib, barchasi hisobga qoʻyilgan hamda jinoyatlarni qasddan yashirgan masʼul xodimlarga nisbatan 44 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan kelib tushgan 3 028 ta ariza va xabarlarning barchasi boʻyicha tergovga qadar tekshirish harakatlari oʻtkazilgan. Tekshirish natijalariga koʻra, jami 161 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, aybdor shaxslarga nisbatan choralar koʻrilishi taʼminlagan.

    Shu bilan birga respublikada sodir etilayotgan qonun buzilish holatlarining chuqur tahlili asosida tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ushbu jinoyatlar sodir etilishiga sabab boʻlayotgan omillar yuzasidan xulosa va tavsiyalar taqdim etish lozimligi taʼkidlandi.

    Senatorlar “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kiritilib, qurilish-taʼmirlash ishlari 2021-yilda yakunlanishi kerak boʻlgan 1 728 ta obyektning 453 tasi 2022-yilga koʻchirilganligi yuzasidan izoh soʻradilar.

    Senat aʼzolari majlisda muhokama qilingan yoʻnalishlarda nazoratni yanada kuchaytirish, aniqlangan har bir qonun buzilishi holatiga nisbatan qatʼiy va taʼsirchan choralar koʻrish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdilar.

    Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.