Bosh vazir A.Aripov: Soʻx boʻyicha hech bir topshiriq qogʻozda qolmaydi

    Hukumat 12 Avgust 2020 1719

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov ishtirokida Soʻx tumanida boʻlib oʻtgan faollari yigʻilishida Prezidentimizning joriy yil 8-avgustda qabul qilingan “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalar muhokama qilindi.

    Mamlakatimizning chegaradosh hududlariga qaratilayotgan yuksak eʼtiborni Soʻx tumani misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Bugun qaysi bir joyga bormang aholi farovonligi uchun muhim boʻlgan ichimlik suvi yoki elektr-energiya taʼminotini yaxshilash, koʻchalarni asfaltlash, yangi inshootlarga poydevor qoʻyish kabi ezgu ishlar qizgʻin pallaga kirayotganiga guvoh boʻlasiz. Xususan, davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida tumandagi muammolarni hal etishga alohida eʼtibor qaratilib, har bir mahalla, har bir xonadon oʻrganib chiqildi.

    Aholini, ayniqsa, yoshlarning bandligini taʼminlash muhim vazifalardan sanaladi. Bu boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasida uch mingdan ortiq ishsizlarning bandligini taʼminlashga erishildi. 345 nafari Toshkent shahridagi yirik qurilish tashkilotlariga, 995 nafari tumandagi muassasalarga doimiy ishga joylashtirildi. Ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun 18 milliard soʻm sarflandi. 15 mingdan ortiq isteʼmolchilarning elektr taʼminoti yaxshilandi. 20 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi tortildi. Hududlarda aloqa sifatini yaxshilash maqsadida 74 kilometr optik tola tarmogʻi tortilib, 5 ta baza stansiyalari oʻrnatildi. Xushyor massividagi foydalanilmayotgan 200 gektar maydon oʻzlashtirildi. Bu kabi ishlarni koʻplab aytish mumkin.

    Davlatimiz rahbarining 8-avgustda qabul qilingan qarori esa bu ishlarning mantiqiy davomi boʻldi. Qaror bilan tasdiqlangan 2020-2021-yillarda Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining manzilli dasturiga 146 ta loyiha kiritilgan boʻlib, 639 millirad soʻm mablagʻ sarf etiladi. Mazkur ishlar natijasida 11 mingdan ortiq aholi uchun yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan. Birgina sanoat, xizmatlar va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha 95 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 5 000 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

    Yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish borasida 160 km shagʻal qoplamali yoʻllarni sementobeton qoplamaga oʻtkazish va asfalt qoplama yotqizish, 106 kilometr tuproq yoʻllarni shagʻal qoplamaga oʻtkazish va 40 kilometr sementobeton piyodalar yoʻlaklarini qurish belgilangan. Tuman markazida Rovon shahar bosh rejasiga muvofiq har biri 30 xonadonli 7 ta 5 qavatli uy-joylar quriladi. Tibbiyot, taʼlim va boshqa yoʻnalishda amalga oshiriladigan ishlar ham aholi turmush darajasini oshirish, ular uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

    Respublika ishchi guruhi tomonidan mutasaddi rahbarlar ishtirokida Dastur doirasida amalga oshirilayotgan har bir loyihanining oʻz muddatida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash va bajarilgan ishlarni muntazam muhokama qilib borish topshirildi.

    Tuman faollari yigʻilishida ana shu yoʻnalishda belgilangan vazifalar chuqur tahlil etildi. Soʻx tumani uchun chiqarilgan mazkur qaror uning istiqbolini belgilovchi muhim dasturilamal boʻlganligi taʼkidlandi. Soʻz chiqqan faxriylar, mahalla faollari bu kabi ezgu ishlar uchun Prezidentimizga oʻz minnatdorliklarini bildirishdi.

    photo_2020-08-12_18-12-24.jpg

    photo_2020-08-12_18-12-26.jpg

    photo_2020-08-12_18-12-29.jpg

    photo_2020-08-12_18-12-31.jpg

    M.Sulaymonov, OʻzA