Bosh vazir kubogi uchun futbol musobaqasi qanday tartibda oʻtkazilishi aytildi

    Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida “Bosh vazir kubogi-2020” futbol musobaqasi tashkiliy qoʻmitasi yigʻilishi boʻldi.

    Yigʻilishda 4-12-oktyabr kunlari vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari oʻrtasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan musobaqaga tayyorgarlik jarayonining borishi muhokama qilindi.

    Joriy yilgi musobaqalar pandemiya sharoitida, karantin qoidalariga qatʼiy amal qilingan holda oʻtkaziladi. Oʻyinlarni tomosha qilish uchun muxlislar kiritilmaydi. Stadionga roʻyxatdan oʻtgan 15 oʻyinchi, jamoa murabbiyi va rahbari kiritiladi. Ularning har biriga maxsus ruxsatnoma – beyjiklar tarqatiladi. Beyjiksiz musobaqa hududiga qoʻyilmaydi.

    Ishtirokchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida stadionlarni dezinfeksiya qilish, kirish joylariga antiseptik vositalar qoʻyish kabi ehtiyot choralari koʻriladi.

    – “Bosh vazir kubogi” musobaqalarini oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad, avvalo, rahbar xodimlar orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilishdan iborat. Agar rahbar sportga qiziqsa, bilingki, oʻsha korxona va tashkilotda sogʻlom turmush tarziga eʼtibor yuqori boʻladi. Xodim sogʻlom boʻlsa, ish unumdorligi oshadi, – dedi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqarma boshligʻi Umid Rajabov.

    Maʼlumot uchun: 2019-yil 4-sentyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari hamda hududlardagi yirik korxona, tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari oʻrtasida turli ommaviy madaniy va sport tadbirlari, jumladan, “Bosh vazir kubogi” musobaqalarini oʻtkazish vazifasi yuklatilgan edi.