Bosh vazir oʻrinbosari Samarqand marafoniga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi

    Bugun Samarqand shahrida “Samarkand Half Marathon” xayriya yarimmarafonini oʻtkazish va tadbirga tayyorgarlik koʻrish jarayonining borishi bilan jurnalistlarni tanishtirish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi.

    Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, “Samarkand Half Marathon” tashkiliy qoʻmitasi raisi A.Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari B.Nurullayev, jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari R.Ermatov, vazir oʻrinbosari A.Karimov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direktori G.Umerova, yarimmarafon bosh hamkori “Kapitalbank” ATB boshqaruvi raisi A.Mirzayev ishtirok etdi.

    Mutasaddilar pandemiya sharoiti sabab 2020-yilgi yarimmarafon dasturining sport qismi virtual formatda oʻtkazilishini maʼlum qildi.

    “Samarkand Half Marathon” xayriya yarim marafonining 2020-yilgi mavzusi inklyuziv muhit va autizmga chalingan odamlarning muammolarini yoritishga qaratiladi.

    – Taʼkidlash joizki, bu yilgi Samarqand yarimmarafoni ham mamlakat madaniy hayotida muhim oʻringa ega boʻlib, Oʻzbekistonda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va sport turizmini rivojlantirishdan tashqari, xayriya missiyasiga, yaʼni autizmga chalingan bolalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

    Respublika hukumati ushbu yarimmarafon orqali sogʻlom turmush tarzini targʻib qilayotgan va xayriya ishlarini amalga oshirayotgan hamda uzoq muddatli taʼlim va madaniy loyihalarni tashkil etishda tashabbus koʻrsatayotgan Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini toʻliq qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

    Shuni taʼkidlashni istardimki, imkoniyati cheklangan va sogʻlom bolalarni birgalikda oʻqitish va tarbiyalashni tizimli ravishda joriy etish, eng muhimi, jahon tendensiyasiga muvofiq autizm haqida gapirish, birgalikda harakat va tadbirlar bilan butun aholi oʻrtasida ushbu muhim mavzu boʻyicha xabardorlikni sifat jihatidan oshirmoqdamiz, – dedi A.Abduhakimov.

    – Bu marafon shunchaki yugurish, oddiy sport tadbiri emas, balki boy madaniy anʼanalarni oʻzida mujassam etgan loyihadir. Mamlakatimiz faxri va iftixoriga aylangan sportchilar – Oksana Chusovitina, Shahram Gʻiyasov, Odil Ahmedov, Ruslan Nuriddinovlar ham mazkur marafonni aholi orasida targʻib etishda faol ishtirok etdi. Fursatdan foydalanib barchangizni ushbu marafonda ishtirok etishga chorlab qolaman, – dedi R.Ermatov.

    Bu yilgi yarimmarafon epidemiologik vaziyat tufayli onlayn formatda oʻtkazilib, jahonning turli mamlakatlaridagi minglab odamlar eʼtiborini yana bir bor jannatmonand yurtimizga qaratadi. Bu esa xorijliklarda kelgusida goʻzal va navqiron Samarqand shahriga tashrif buyurish istagini uygʻotadi.

    Joriy yil 1-noyabr kuni Samarqandda professional sportchilar uchun 21 kilometr masofaga moʻljallangan klassik yarimmarafon oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Shu kuni ertalab soat 09:00 dan 11:00 ga qadar belgilangan yoʻnalishda professionallar uchun yugurish boʻlib oʻtadi. Shundan soʻng, kech soat 21:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida boshqa ishtirokchilar oʻz xohishiga koʻra, har qanday masofani bosib oʻtishi, finish arkasi yonida suratga tushishi mumkin.

    Yarimmarafon oʻtkaziladigan kuni Samarqandda boʻla olmagan insonlar uchun yugurish virtual formatda oʻtkaziladi, bu esa oʻz oʻrnida tadbirga koʻplab sport ishqibozlarini jalb qilish imkoniyatini hamda butun dunyo boʻylab ishtirokchilarga joy va masofani oʻzlari tanlash erkinligini taqdim etadi. Natijada xalqaro xayriya yarimmarafonining geografiyasi kengayadi.

    Bu yil “Samarkand Half Marathon”dasturida aniq belgilangan masofalar boʻlmaydi. Har bir ishtirokchi 1 kilometrdan 50 kilometrgacha boʻlgan masofani oʻz hohishiga koʻra bosib oʻtadi. Tadbirda qatnashishni istaganlar joriy yil 1-noyabrga qadar yarimmarafonning www.samarkandhalfmarathon.uz saytida ishtirokchi sifatida roʻyxatdan oʻtishi lozim.

    Ushbu tadbirda bu yil asosiy eʼtibor jamoaviy ishtirokka, yugurish klublari va koorporativ jamoalarni jalb qilishga qaratiladi. Shu maqsadda tashkilotchilar tomonidan butun dunyo boʻylab yuguruvchilar orasida juda mashhur va bepul boʻlgan GPS Strava mobil ilovasi ishga tushirildi. Mobil ilova orqali finalchilarning yakuniy natijalari saytga avtomatik ravishda yuklanadi. Natijalarning toʻgʻri yuklanishi uchun Strava mobil ilovasida akkauntingizni shaxsiy kabinet bilan birgalikda sinxronlashtirishingiz kerak.

    Bu yilgi tadbirda birinchilik uchun asosiy kurash klublar, hududlar va jamoalar oʻrtasida kechishini inobatga olgan holda yarimmarafonda respublikamiz mintaqalaridan oʻzlarini faol namoyish etishlari soʻraladi.

    Aholi qamrovi kengroq boʻlishi uchun mobil ilovaga onlayn formatdagi ikkita yangi – masofasi 1 kilometr boʻlgan “Bolalar yugurishi” va “Skandinavcha yurish” variantlari qoʻshildi.

    1-noyabr – musobaqa kunida yarimmarafonning rasmiy saytida butun dunyo boʻylab ishtirokchilar tomonidan yugurib oʻtilgan umumiy masofa jonli efirda uzatib boriladi. Shu kuni yugurish natijalariga koʻra, eng uzun masofani bosib oʻtgan jamoa va hudud gʻolib deb eʼlon qilinadi.

    Anjuman yakunida tashkilotchilar marafon oʻtadigan trassalar va ularda amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirdi.