Bosh vazir qabulxonasi — tadbirkorlar manfaati himoyachisi

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasida barcha sohalar qatori kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun yanada qulay sharoit va imkoniyatlar yaratilishi hamda xorijiy investorlar faoliyati qo'llab-quvvatlanishini alohida ta'kidladi.

    Jumladan, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq besh mingga yaqin normativ-huquqiy hujjat qayta koʻrib chiqilib, ularning soni qisqartirilishi hamda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilishi, shuningdek, toʻrt yil oldin tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar oʻtkazishga eʼlon qilingan moratoriy muddati yana bir yilga uzaytirilgani yurtimizda tadbirkorlikni yana-da rivojlantirish uchun qoʻyilgan navbatdagi muhim qadamlardan biri boʻldi.

    Darhaqiqat soʻngi yillarda tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2019-yil 14-maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan Muzrabot tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi tashkil etilib, tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini qabul qilish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan muammoli masalalarni koʻrib chiqish va mavjud byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

    Oʻtgan yili Bosh vazirning Muzrabot tumanidagi qabulxonasi orqali roʻyxatga olingan 333 ta murojaatdagi 398 ta masala koʻrib chiqildi. Ular tahlil qilinganda, 168 tasi bankdan kredit olish, 59 tasi yer uchastkalari ajratilishi, 23 tasi infratuzilma tarmoqlariga ulanish, 13 tasi ruxsatnoma va litsenziya olish, 12 tasi soliq, 3 tasi bino ajratilishi, 120 tasi boshqa masalalargan doir ekani aniqlandi.

    Mazkur murojaatlarning oltmish foizi qanoatlantirilgan, qirq foizi boʻyicha huquqiy tushuntirish berilgan. Tadbirkorlik subektlaridan kelib tushgan murojaatlar alohida nazoratga olinib, tegishli masʼullarni jalb qilgan holda hal etilmoqda. Jumladan, “Dilafroʻz agroolam” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari J.Javboyevning murojaatidan soʻng “Dehqonobod” mahallasi hududidan issiqxona kompleksi tashkil etish loyihasi uchun “Mikrokreditbank” ATB Muzrabot tumani filiali tomonidan bir milliard soʻm; “Ilyos Sharif” xususiy korxonasi rahbari I.Ilyosovning murojaatidan soʻng temir va yogʻochga ishlov berish loyihasini amalga oshirishi uchun “Asakabank” ATB Termiz shahri filiali tomonidan 200 million soʻm kredit ajratilishiga erishildi. Shuningdek, “Bilol savdo servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari H.Panjiyevning murojaatidan soʻng tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 120 million soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrni qoplab berilishi taʼminlandi.

    Bundan tashqari, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, hunarmandchilik, yoshlar va ayollar bandligini taʼminlash dasturlari doirasida saksonga yaqin jismoniy va yuridik shaxsga oʻz biznesini boshlashi uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit, yigirmaga yaqin tadbirkorga yer ajratish, yigirmaga yaqin tadbirkorning soliq toʻlovlarini yengillatish, litsenziya va ruxsatnomalar olishi, oʻn besh nafar tadbirkorning infratuzilma tarmoqlariga ulanishi, oʻn toʻrt nafar mulkdorga kompensatsiya mablagʻlarini toʻlab berish va tadbirkorlarning yetmishga yaqin boshqa masaladagi murojaatlari ijobiy hal etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari boʻyicha yaratilgan tizim kelgusida ishbilarmonlarning biznes faoliyatini yuritishiga xizmat qilishi bilan birgalikda, ularning faoliyatidagi tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etishda muhim omil boʻladi.

    Odiljon SHODMONOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Muzrabot tumanidagi

    Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi mudiri