Yigʻilishda Vazirlar Mahkamasining masʼul xodimlari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Sogʻliqni saqlash, Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash, Qurilish vazirliklari, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralarning rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yoshlar va ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosarlari, oliy taʼlim muassasalari rektor va prorektorlari ishtirok etdilar.

Muhokama jarayonida oliy taʼlim muassasalari rektorlari, prorektorlari, dekan, shuningdek, yoshlar boʻyicha yetakchilari tomonidan talabalarning yashash sharoitlarini tahlil qilish oʻz holiga tashlab qoʻyilganligi tanqid qilindi.

Xususan, talabalar ijarada qayerda yashamoqda, kimnikida turibdi, yashash sharoiti qanday, darsdan keyin nima ish bilan mashgʻul boʻladi, boʻsh vaqtini qanday oʻtkazadi, bu talabalarning oʻqish jarayoniga qanday taʼsir koʻrsatmoqda kabi jiddiy masalalar koʻrib chiqildi.

Ayniqsa, masʼullar tomonidan talabalarning xususiy uy-joylarda yashash sharoitlari bilan bevosita joyiga chiqqan holda oʻrganilmayotganligi koʻrsatib oʻtildi.

Talabalar tomonidan ijaraga olinayotgan xonadonlarning yongʻin va boshqa texnik xavfsizlik talablariga javob bermasligi, talabalarda birlamchi yongʻin va boshqa texnik xavfsizlik boʻyicha bilimlarining yetarli emasligi natijasida turli noxush hodisalar roʻy bermoqda.

Muhokama majlisida ijarada turadigan talabalarning va ijara beruvchi fuqarolar oʻrtasida munosabatni shaffoflashtirish, ijara uchun berilgan uy-joylarning holati, ota-onalar va talabalar uchun ijara uchun beriladigan uy-joylar toʻgʻrisida yagona axborot tizimini yaratish kabi masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Muhokama natijasida quyidagilarni amalga oshirishga kelishib olindi:

Birinchidan, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Talabalar yashash sharoiti va harakatlanishi monitoringini yoʻlga qoʻyish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish” yuzasidan qoʻshma qarorini qabul qilish;

qoʻshma qarorda har bir hududda Ishchi guruh tuzib, ijarada va yaqin qarindoshinikida yashayotgan talabalar boʻyicha oʻrganish tizimini joriy qilish;

Ikkinchidan, har bir hudud kesimida talabalar turar joylari va ijaradagi talabalarning yashash sharoiti va turar joyi holatini, ayniqsa yongʻin va boshqa texnik xavfsizlik talablariga mos kelishini toʻliq tanqidiy va tahliliy oʻrganish;

Uchinchidan, oliy taʼlim muassasalari prorektorlarining lavozim vazifalarini qayta koʻrib chiqib, ularning talabalar turar joyi va ijarada yashaydigan talabalar bilan ishlash tizimini yaratish;

Toʻrtinchidan, Favqulodda vaziyatlar vazirligining joylardagi boshqarma va boʻlimlari bilan birgalikda har bir talabalar turar joyidagi yongʻin xavfsizligi va boshqa texnik xavfsizlik masalalarini oʻrganib chiqish;

Beshinchidan, talabalarga birlamchi yongʻin va boshqa texnik xavfsizlik masalalari boʻyicha yetarli tushuntirishlar berish;

Oltinchidan, ijarada turadigan talabalar bilan guruh murabbiylari, profilaktika inspektorlari va mahalla masʼullari tomonidan hamkorlikda olib boriladigan profilaktik tadbirlar qamrovi va sifatini oshirish;

Yettinchidan, viloyat markazlariga yoki Toshkent shahriga uzoq tumanlar va boshqa viloyatlardan oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kelib, ijarada turadigan talabalarni vaqtinchalik roʻyxatga olish mexanizmini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

Sakkizinchidan, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan talabalarning ehtiyojidan kelib chiqib, talabalar turar joylarini qurish yuzasidan ishlab chiqilgan manzilli dasturni takomillashtirish.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Talabalar yashash sharoiti va harakatlanishi monitoringini yoʻlga qoʻyish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish” yuzasidan qoʻshma qarorga muvofiq tuzilgan Ishchi guruhlar joriy yilning 1-martidan oʻz faoliyatini boshlaydi.

Mazkur masala har hafta Vazirlar Mahkamasi tomonidan nazorat va tahlil qilib boriladi.