Boshlagan buyuk ishlarimizni, albatta, oxiriga yetkazamiz – Prezident
Siyosat
29 avg 2025, 20:29
522
Prezident qanday sinov va mashaqqatlar paydo boʻlmasin, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, milliy birlik va hamjihatlikni mustahkamlash, xalqimizni rozi qilish yoʻlidan aslo ortga qaytilmasligini taʼkidladi.
«Boshlagan buyuk ishlarimizni albatta oxiriga yetkazamiz.
Hech qachon unutmaylik: biz barchamiz bitta xalq, bitta mamlakat, bitta oilamiz! Hammamizning taqdirimiz, kelajagimiz, baxtimiz va yutugʻimiz ham yagona va mushtarak.
Har bir vatandoshimning yutugʻi – bu mening yutugʻim, tashvishi – mening tashvishim, degan fikr bilan yashasak, yutugʻimiz koʻpayib, tashvishimiz albatta kamayib boradi.
Afsuski, dunyoda turli tahdid va xatarlar koʻp. Ammo ularga qarshi birgalikda, bir tanu bir jon boʻlib kurashsak, albatta yengamiz.
Bu ulugʻ ayyomda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek olijanob ishga munosib hissa qoʻshayotgan barcha-barcha insonlarga, mehnatkash, bagʻrikeng xalqimizga minnatdorlik bildirib, chin qalbimdan taʼzim qilaman.
Har bir inson, har bir oilaga tinchlik va xotirjamlik, qut-baraka, baxt-saodat hamisha yor boʻlsin!
Yashasin Oʻzbekiston davlati! Yashasin Oʻzbekiston xalqi!», – dedi Prezidentimiz nutqining yakunida.