Boshlangʻich sinf darsliklarida "4K" modeliga asoslangan innovatsion yondashuv taqdim etildi

    Ta'lim 15 Avgust 2023 3305

    1-4-sinflar uchun yaratilgan yangi zamonaviy maktab darsliklari "4K" modeliga asoslangan innovatsion yondashuvni taqdim etadi.

    Ushbu metodologiya bolalarning har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan boʻlib, quyidagi asosiy kompetensiyalarni oʻz ichiga oladi:

    Kollaboratsiya: Darsliklar oʻquvchilarning jamoada ishlash qobiliyatini rivojlantirishga yordam beradigan tarzda tuzilgan. Bu oʻquvchilarga hamkorlik qilish, samarali fikr almashish va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash koʻnikmalarini oʻrganishga koʻmaklashadi.

    Kommunikativlik: Darsliklar oʻquvchilarning boshqalar bilan muloqot qilish qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan. Oʻquvchilar oʻz fikrlarini aniq va ravshan ifodalashga, suhbatdoshni tinglashga va tushunishga, maʼlumotni yetkazishda til vositalaridan unumli foydalanishga oʻrganadilar.

    Kreativ fikrlash: Darsliklar ijodiy fikrlashni va yangilik qilish qobiliyatini rivojlantiradi. Oʻquvchilar oʻz maqsadlariga erishish uchun yangi yondashuvlarni qoʻllashni oʻrganadilar, innovatsion yechimlarni ishlab chiqadilar va ijodiy muammolarni hal qilish koʻnikmalariga ega boʻladilar.

    Kritik fikrlash: Ushbu metodologiya oʻquvchilarningning axborotni tanqidiy baholash, oʻz fikri va mulohazalarini shakllantirish koʻnikmalarini rivojlantirishni oʻz ichiga oladi. Oʻquvchilar muammolarga analitik nuqtayi nazardan yondashishni oʻrganadilar va mantiqiy fikrlash asosida oʻz nuqtayi nazarini shakllantiradilar.

    Boshlangʻich sinflar uchun ushbu yangi darsliklar oʻquvchilarni har tomonlama rivojlantirish, nafaqat bilim, balki zamonaviy jamiyatga muvaffaqiyatli moslashish uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan.

    Xulosa

    Ilm maktab ostonasidan boshlanadi deyilishi bejiz emas. Chunki inson butun umri davomida oladigan bilim, koʻnikma, malakani boshlangʻich sinflarda maktab partasida egallaydi.

    Boshlangʻich maktab – inson hayotidagi butunlay yangi sahifa ekanligi uchun ham oʻta muhimdir. Bu yoshda bola uchun yangi olam boʻlmish maktab davri, bilim olish bosqichi boshlanadi. Aynan shu pallada oʻquvchining maktabga nisbatan mehrini qozonish, taʼlimga qiziqtira olish uning kelgusidagi muvaffaqiyatlari uchun asos boʻladi. Bu esa oson ish emas.

    Maktabga endigina qadam qoʻygan bolalarga yangi darsliklar tayyorlashda “4K” modelidan foydalanish koʻplab sinovlardan oʻtgan, muhimi, zamonaviy yondashuvdir. Biz avvallari bolalarning yozuviga koʻproq eʼtibor qaratganmiz, diktantlar yozdirganmiz. Yangi tajriba bilan esa bolalarning tanqidiy fikrlashi, oʻz fikrini erkin bayon eta olishiga koʻproq ahamiyat beriladi.