Baʼzilar har tongda iliq vanna qabul qilishni xush koʻradi. Ayrimlar esa ertalab sochini yuvib ishga yoki oʻqishga borishga odatlangan. Biroq qishning sovuq kunlarida sochni quritmasdan yoki yupun kiyingan holda koʻchaga chiqish nafas yoʻllari kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Gaymorit ana shunday xastaliklardan biridir.
Oliy toifali shifokor Ravshanbek Umarov gaymorit va uning turlari, belgilari hamda kasallik sabablariga doir fikrlari bilan boʻlishdi:
— Gaymorit qanday xastalik va uning necha turi mavjud?
— Gaymorit — paranazal (burun yon, yuqori jagʻ boʻshligʻi) sinus shilliq qavatining juda keng tarqalgan yalligʻlanish kasalligi boʻlib, odatda ularda yiringli sekretsiyalar toʻplanadi. Shuni aytish kerakki, burun va paranasal sinus kasalliklari yuqori nafas yoʻllarining eng keng tarqalgan patalogiyasi hisoblanadi. Uning kechishi ogʻirligiga qarab, oʻtkir va surunkali turlarga boʻlinadi. Gaymorit koʻpincha kuz-qish davrida, inson tanasi zaiflashganda va kasallikni qoʻzgʻatuvchi bakteriyalarga qarshi tura olmaganida aniqlanadi.
Ushbu kasallik bogʻcha yoshidagi bolalarda uchramaydi. Chunki kichkintoylarda 7-8 yoshga kelibgina gaymor boʻshligʻi hosil boʻladi. Bu xastalik asosan oʻsmir yoshidagi yigit-qizlarda va 30-50 yosh atrofidagi insonlarda kuzatiladi.
— Kasallikning rivojlanishiga qanday omillar sabab boʻladi?
— Koʻpincha gaymorit takroriy va uzoq muddatli burun oqishi va sovuq qotishdan keyin rivojlanadi. Burun boʻshligʻiga kirgan gripp virusi, OʻRVI infeksiyalari, koʻk yiring tayoqchalari kasallikni qoʻzgʻatadi.
Bundan tashqari, yana bir necha omillar gaymoritni keltirib chiqarishi mumkin. Jumladan:
– allergik xastaliklar;
– yuqori jagʻ tishlari kasalliklari;
– rinit (burun yoʻllari shilliq qavati shamollashi) bilan kechuvchi allergik reaksiyalar;
– burun boʻshligʻining anatomik xususiyatlari;
– immunitetning pastligi;
– adenoidlarning haddan ortiq oʻsishi yoki poliplarning shakllanishi;
– sil kasalligi va neoplazmalar;
– surunkali infeksiyalar — faringit (halqum shamollashi), tonzillit va hokazo.
— Gaymoritga chalingan bemorlarda qanday belgilar kuzatiladi?
— Odatda ushbu kasallik bilan ogʻriyotgan bemorda peshona, koʻz atroflari va burun yon tomonlari va jagʻ qismida qattiq ogʻriq kuzatiladi. Ayniqsa, pastga egilganda ogʻriq yanada kuchayadi.
Shuningdek, burundan nafas olishdagi muammolar, yalligʻlangan sinuslar sohasidagi shishlar, hid bilmaslik, uyquning buzilishi, kechasi va ertalab kuchayadigan quruq refleksli yoʻtal, burundan yiring oqishi, doimiy bosh ogʻrigʻi hamda tana haroratining koʻtarilishi ushbu kasallikning asosiy belgilari hisoblanadi.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.