Boshqaruv servis kompaniyalari oʻzini qanchalik oqlayapti?

    Bugungi islohotlarning asosiy maqsadi aholi uchun munosib va sifatli hayot tarzi yaratish. Bunda esa kommunal xizmatlarning oʻrni juda yuqori. Shuning uchun soha faoliyatini toʻgʻri tashkil etish va samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor berish talab etilmoqda.

    Prezidentimizning 2022-yil 4-avgustdagi “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish va boshqaruvchi tashkilotlarni moliyaviy sogʻlomlashtirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori ushbu yoʻnalishdagi ishlarni takomillashtirishni, bu borada zamonga mos faoliyat yuritishni qoʻllab-quvvatlaydi.

    Bugungi kunda respublikamiz boʻyicha jami 39 691 ta koʻp kvartirali uy mavjud boʻlib, shundan 35 773 tasi 708 ta boshqaruv kompaniyasi, 1 579 tasi 329 ta uy-joy mulkdorlari shirkati, 809 tasi boshqa tashkilotlar orqali 765 tasi esa oʻz-oʻzini boshqarib kelmoqda.

    Toshkent shahrida 509 mingdan ziyod xonadondan iborat 10 813 ta koʻp kvartirali uy mavjud boʻlib, ularga 267 ta boshqaruvchi kompaniya hamda 102 ta moliyaviy holati yaxshi uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat koʻrsatadi. Koʻp kvartirali uylarning 33 tasi boshqa tashkilotlar balansidagi uylar hisoblanadi.

    Taʼkidlash joizki, muammoli kreditlari yoʻq va barqaror ishlayotgan shirkatlar faoliyatiga hech kim aralasha olmaydi. Binobarin, bugungi kunda kredit olmasdan faoliyat yuritayotgan 167 ta shirkat mavjud va ularning faoliyatidan aholi mamnun.

    Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini takomillashtirish, boshqarish organlarini qoʻllab-quvvatlash hamda koʻp kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash, ularga tutash yer uchastkalarini aniq belgilash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Natijada 2021 – 2022-yillarda respublikamizda 700 dan ortiq boshqaruvchi tashkilotlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ular tomonidan uylarni taʼmirlash, hududning infratuzilmasini yaxshilashga joriy yilda 150 milliard soʻmdan ortiq mablagʻlar sarflandi.

    Masalan, shu yil ish boshlagan “Universal new forever” boshqaruv servis kompaniyasi Sergeli tumanidagi “Ezgulik” va “Ziynat” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 34 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatib keladi. Mazkur boshqaruv kompaniyasi 4 ta oʻzini oqlamagan shirkat oʻrnida tashkil etilgan. Tadbirokr oʻz hisobidan sohaga 2,5 millirad soʻm miqdorida investitsiya kiritgan. 32 nafar ishchisi va 16 turdagi zarur texnikaga ega. Shuningdek, aholiga 25 dan ortiq qoʻshimcha servis xizmatlarini koʻrsatib keladi. Ish tartibi — 24/7 rejimida.

    Yashnobod tumanidagi “Yuksalish” boshqaruv servis kompaniyasida esa 2-3 sektor hududida joylashgan 180 dan ortiq koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatiladi. Mazkur boshqaruv kompaniyasi 12 ta shirkat oʻrnida tashkil etilgan boʻlib, buning uchun 2,3 millirad soʻm miqdorida investitsiya jalb etilgan. Bu yerda ham 94 ta nafar ishchi tomonidan aholiga 28 ta qoʻshimcha servis xizmatlar koʻrsatiladi. Dispetcherlik xizmati tunu kun ishlaydi.

    Maʼlumot uchun, 2020-yilga qadar koʻp kvaritrali uylarni boshqarish sohasida bozor munosabatlari mavjud boʻlmagan. Uylar asosan, shirkatlar — notijorat tashkilotlar tomonidan boshqarilgan.

    Shuningdek, boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan jami 35 milliard soʻmlik zarur moddik-texnika va uskunalar xarid qilingan. Lekin sohadagi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, xodimlarning ish haqi va malakasi bosqichma – bosqich oshirish borilayotgan boʻlsa-da, tizimda korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etish holatlari kuzatilmokda. Shu kungacha 19 nafar xodimga nisbatan korrupsiyaviy jinoyat sodir qilganliklari uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani buning isbotidir.

    Hududlar kesimida koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari vakillariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlarining asosiy koʻrsatkichi Toshkent shahriga toʻgʻri kelmoqda.

    Shu jihatdan olganda, “Mening uyim” billing tizimi boshqaruv organlarining yagona, ochiq elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish, mulkdorlar mablagʻidan samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlash, koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish hamda belgilangan talablarga amal qilishda asqotyapti. Hozirgi kungacha mazkur tizimda jami 1,2 milliondan ziyod abonent maʼlumotlari shakllantirildi. Shundan 486 mingtasi Toshkent shahri, qolganlari boshqa hududlar hissasiga oʻgʻri keladi. Bunda xonadonlar mulkdorlarga boshqarish organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobotlarni elektron shaklda va onlayn tarzda taqdim etmoqda.

    Shuningdek, billing tizimi “Elektron hukumat” idoralararo integratsiyalashgan platformasi, koʻp kvartirali uy-joylarning xonadonlari haqida maʼlumotlar bazasini avtomatik shakllantirish boʻyicha koʻchmas mulk obyektlarining kadastr raqamlari, yagona manzillar reyestri, mulkdorlarning qarzdorligini notarial idoralari tomonidan tekshirish uchun Adliya vazirligining maʼlumotlar bazalari hamda Markaziy bankning kliring “MUNIS” tizimiga integratsiya qilinganki, bu ham turli tushunmovchiliklarning oldini olishda qoʻl kelyapti. Joriy yil boshidan “Mening uyim” billing tizimi orqali jami 194 milliard soʻm kelib tushgan.

    Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi keltirilgan qarorida soʻnggi yillarda koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini takomillashtirish, boshqarish organlarini qoʻllab-quvvatlash hamda koʻp kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkni saqlash, taʼmirlash, ularga tutash yer uchastkalarini aniq belgilash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 15 ta hududida koʻp kvartirali uy-joylar joylashgan yerlarni ochiq tanlov oʻtkazish yoʻli bilan boshqaruvchi tashkilotlarga biriktirish boʻyicha loyiha amalga oshirildi. Tahlil natijalariga koʻra mazkur loyiha doirasida 1 261 ta koʻp kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholining yashash sharoitlari yanada yaxshilandi.

    Qisqa vaqt ichida boshqaruvchi tashkilotlarning kredit qarzdorligi 2 baravarga qisqardi, 500 nafarga yaqin ish oʻrinlari yaratildi, ishchilar ish haqi hamda boshqaruvchi tashkilotlar daromadi 2 baravarga oshgani taʼkidlangan.

    Koʻrilayotgan chora-tadbirlar, amaliy ishlar ayni shunday masalalarga yechim topishga, xalqimizning yaxshi hayot kechirishini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Ozoda JOʻRAYEVA,

    uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri oʻrinbosari