Boshqirdiston Respublikasi delegatsiyasi bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 20 Yanvar 2022 644

    Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Boshqirdiston Respublikasining Sanoat, energetika va innovatsiyalar vaziri Aleksandr Sheldyayev boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda Boshqirdiston Respublikasi delegatsiyasi bilan hamkorlikning bir qator istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.

    Ular orasida energiya resurslari bozorini va yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, anʼanaviy va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini mustaqil ishlab chiqaruvchilar boʻyicha tajriba almashish kabilar mavjud.

    Oʻzbekiston tomoni energiya resurslari bozorida hamkorlik va integratsiyani rivojlantirish muhimligini qayd etdi. Ayni paytda elektr energiyasi va gaz bozorlarini joriy etish uchun Energetika vazirligi tomonidan zarur ichki tartib-qoidalar amalga oshirilyapti.

    Shuningdek, muhandislik tarmoqlariga (elektr energiyasi, gaz) texnologik ulanish uchun ariza berish tartib-qoidalarini raqamlashtirish kabi yoʻnalishlarni ishlab chiqish yuzasidan ham fikr almashildi. Shu maqsadda Oʻzbekistonda “ELEKTR” dasturiy majmuasi ishlab chiqilgan boʻlib, bundan tashqari, tadbirkorlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali elektr va gaz tarmoqlariga ulanish uchun arizalar bilan murojaat qilishlari mumkin.

    Delegatsiya aʼzolariga istiqbolli loyihalar, jumladan, xususiy investorlarni jalb qilgan holda quvvati 5 MVtgacha boʻlgan mini GESlar qurilishi haqida ham maʼlumot berildi. Bugungi kunga qadar umumiy quvvati 42 MVt boʻlgan mini-GESlarni joriy qilish uchun 31 ta istiqbolli obyekt aniqlangan. 2030-yilga qadar Energetika kompleksini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq umumiy quvvati 200 MVt boʻlgan 24 ta mini GEYESni ishga tushirish rejalashtirilgan.

    Bundan tashqari, Boshqirdiston kompaniyalari energetika va energoqurilmalar uchun butlovchi qismlarni yetkazib berish boʻyicha tenderlarda faol ishtirok etishga taklif qilindi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.