Ijtimoiy tarmoqlardagi Boʻston tumani hokimi deya aytilayotgan audioyozuv yuzasidan oʻrganish ishlari amalga oshirildi.
Aniqlanishicha, haqiqatdan ham audio yozuv Boʻston tumani hokimi S.Mamitovaga tegishli ekanligi, tumandagi soya yetishtiruvchi fermerlarning soya yetishtirish va uni yigʻib olishdagi masʼuliyatsizligi oqibatida tumanda soya hosilini yigʻishtirib olish ishlari bir muncha ortga surilganligi maʼlum boʻlgan.
Ushbu holat yuzasidan tuman hokimi fermerdan nega soya hosilini oʻz vaqtida yigʻib olmasdan, soyani korchyovka qilib, yulib tashlashganligiga izoh soʻragan.
Tumanda soya oʻsimligini yetishtirish va uni yigʻib-terib olishda sustkashlik qilayotgan hamda oʻz xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotgan fermerlarning faoliyati tuman hokimining eʼtirozlariga sabab boʻlganligi maʼlum boʻldi.
Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda, tarqalgan audioyozuv uchun Boʻston tumani hokimi S.Mamitovaga viloyat hokimligi tomonidan “ogohlantirish” berilganligini maʼlum qilamiz.
Maʼlumot uchun: Tumanda 108 ta gʻalla va paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga jami 36.5 tonna soya oʻsimligi ekish va yetishtirish (500 gektar ochiq maydonga, 300 gektar gʻoza qator orasiga) belgilangan.
Andijon viloyati hokimligi
Matbuot xizmati