Boʻston tumani hokimi vafot etdi

    Tashvishli xabar 31 Iyul 2021 1951

    Bugun, 31-iyul kuni Boʻston tumani hokimi Mamitova Sadbarxon Neʼmatjonovna vafot etdi.

    Sadbarxon Mamitova 1966-yilda Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida tugʻilgan, 1982-1986-yillarda Namangan qishloq xoʻjaligi texnikumida oʻqigan, 1993-yil Toshkent davlat agrar universitetini (sirtqi) tamomlagan.

    Mamitova Sadbarxon Neʼmatjonovna mehnat faoliyatini 1986-1996-yillarda Andijon viloyati Jalaquduq tuman bosh pillaxonasi agronomi lavozimidan boshlagan. 1996-1997-yillarda - Jalaquduq tumani hokimligi xotin-qizlar boʻlimi yetakchi mutaxassisi, 1997-2001-yillarda Jalaquduq tumani jamoa xoʻjaligi boshqaruvi raisi, 2001-2005-yillarda Jalaquduq tumani Jalaquduq qishloq fuqarolar yigʻini raisi, 2005-2006-yillarda Jalaquduq tumani shirkat xoʻjaligi raisi, 2006-2007-yillarda Jalaquduq tumani hokimligi huzuridagi roʻyxatga olish inspeksiyasi rahbari, 2007-2008-yillarda Jalaquduq tumani hokimining oʻrinbosari, tuman xotin-qizlar qoʻmitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchisi, 2009-2011-yillarda “Mahalla” jamgʻarmasi Jalaquduq tumani boʻlimi raisi, 2011-2012-yillarda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Andijon viloyati Kengashi devonxona rahbari, 2012-2017-yillarda Jalaquduq tumani Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori, 2017-2019-yillarda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Jalaquduq tuman kengashi raisining birinchi oʻrinbosari, 2019-yildan 2020-yilgacha “Yuksalish” umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy boʻlimi rahbari lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2020-yil 4-mart kunidan hozirga qadar Boʻston tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan.

    Sadoqatli, sergʻayrat, talabchan rahbar hamda mehribon ona 31-iyul kuni bu yorugʻ olamni tark etdi!

    Maʼlum boʻlishicha, S. Mamitova bundan yetti yil muqaddam oʻt pufagida mavjud xastalik tufayli jarrohlik amaliyotini oʻtagan. Shu yilning iyun oyidan buyon respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Andijon viloyati filialida ichak kasalliklari boʻyicha davolanayotgan edi.