Xususan, Andijon viloyati Boʻston tumani hokimining investitsiya hamda qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari oʻzaro til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, tumandagi fermer xoʻjalikning 500 ming AQSH dollarlik eksport rejasini soxta eksport operatsiyalari orqali yopib berish evaziga 65 mln. soʻm miqdorida pora talab qilishgan.
Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari joriy yilning avgust oyida soʻralgan pulning 25 mln. soʻmini avans sifatida oladi. Qolgan qismini esa, yaʼni 40 mln. soʻmni tuman hokimining investitsiya masalalari boʻyicha oʻrinbosari orqali olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllandi.
Boshqa holatda esa fuqaro Davlat xavfsizlik xizmati “Call markazi”ga murojjaat qilib, 2 nafar shaxs oʻzlarining hokimlikda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Sergeli tumanida joylashgan MCHJga tegishli 1 gektar yer maydonining toifasini oʻzgartirib, u yerda koʻp qavatli uy-joy qurishga ruxsat olib berish evaziga 900 ming AQSH dollari talab qilishganligini aytadi.
Toshkent shahrining Mirobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy yoʻllar bilan boylik orttirish niyatida boʻlgan “uddaburon”lar oldindan 220 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllandi.
Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Qarshi shahrida joylashgan “Vatanparvar” tashkilotining viloyat kengashi raisi oʻrinbosari ariza muallifining oʻgʻliga imtixonsiz haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga, xizmat xonasida 20 mln soʻm pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.