Toshkent viloyati hokimligining xabar berishicha, bu haqda viloyat hokimining tegishli qarori imzolangan boʻlib, Boʻstonliq tumani “Qoronqul” MFY, “Xoʻjakent” qishlogʻi hududidan 50 gektar yer maydoni adaptiv sport turlari bilan professional shugʻullanuvchi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun mashgʻulot bazasi barpo etish uchun ajratildi.
Viloyatda 14 ta parasport turi bilan shugʻullanishga sharoit yaratilgan. 500 nafarga yaqin nogironligi boʻlgan shaxslar sport bilan muntazam shugʻullanib kelmoqda.
Bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida qator chora-tadbirlar koʻzda tutilgan. Xususan, davlat sport maktablarida adaptiv sport boʻyicha guruhlar tashkil etish, mahallalardagi maydonchalarni nogironligi boʻlgan shaxslarga ham moslashtirish kabilardir.