Botir Xusanboyev: tadbirkorlik asosi – bilim

    Biznes 30 Sentabr 2022 943

    Shuning uchun ham, tadbirkorlikda har qancha muvaffaqiyatga erishsam ham, hamisha bilim olish va izlanishdaman.

    - Men uchun muvaffaqiyatli tadbirkorlik asosi bu, kuchli bilimdir. Shuning uchun ham, tadbirkorlikda har qancha muvaffaqiyatga erishsam ham, hamisha bilim olish va izlanishdaman, - deydi Botir Husanboyev.

    Oʻzim 1993-yil 20-iyun kuni Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tugʻilganman. 2009-yil Aleksandr Sergeyevich Pushkin nomidagi 10 maktabni bitirgach, Kompyuter texnologiyalari boʻyicha akademik litseyida tahsil oldim. Soʻng, 2012-yil Hindistonning Maxarashtra shtati, Puna shahridagi “Pune University”ga oʻqishga kirdim. Bu oliygohning Hindistonda nufuzi baland boʻlib, u yerda toʻliq ingliz tilida oʻqitiladi. Mazkur oliygohda 2 yil davomida biznes yoʻnalishi boʻyicha offlayn, yaʼni anʼanaviy, bir yil davomida esa onlayn oʻqidim.

    Oʻzbekistonga qaytgach, 2015-yil Moliya institutining “Menejment” fakultetiga oʻqishga kirdim va bu institutni ham tugatgach, 2018-2020-yillarda Menejment yoʻnalishida Magistraturani ham muvaffaqiyatli tamomladim. Tadbirkorlikka yoshlikdan qiziqqanligim tufayli, bilimlarimni mustahkamlab olgach, biznesdagi ilk qadamlarimni 2017-yil “Kiborg Sportivnaya Arena” deb nomlangan Kompyuter klubiga asos solishdan boshladim.

    Maʼlum bir vaqt mazkur kompyuter klubini muvaffaqiyatli yurgazib, faoliyatni rivojlantirib olgach, eʼtiborimni kafelar tizimiga qaratdim. Bu tizimni ham yaxshilab oʻrganib chiqib, Turkcha muzqaymoq tayyorlab sotiladigan Turk kafesi ham ochdim. Oʻzi meni odatim shunday, biznesning biror yoʻnalishiga mablagʻ tikishni istasam, avval oʻsha tizimni sinchiklab puxta oʻrganib chiqaman. Bu safar ham shunday yoʻl tutdim.

    Soʻng, 2018-yil “Catering” tizimiga qiziqib, unga eʼtibor qaratdim. Bir necha yil “Catering” bilan shugʻullangach, 2021-yildan “Premier Hall” kinoteatrini “Yulduz Cinema” nomi bilan rebrending qilib, hozirda mazkur kinoteatrni muvaffaqiyatli ravishda yuritib kelmoqdaman. Kelgusi yil Samarqandda bu kinoteatrning katta filialini ochish harakatidaman. Qolaversa, 2025-yilgacha Oʻzbekiston boʻylab “Yulduz Cinema” kinoteatrining 5 ta filialini ochishni rejalashtirganman. Hozirda “Yulduz Cinema” kinoteatri yonida shinam oilaviy restoran ham qurish niyatidaman. Shuningdek, tadbirkor sifatida LED monitor tashqi reklama konstruksiyasi bilan ham shugʻullanib, shahar boʻylab LED monitorlariga ham egaman.

    Men hamisha muvaffaqiyatli biznes, bu omad va mehnatdan tashkil topadi, deb hisoblayman. Shuning uchun ham, biznes yoʻnalishida yangiliklar yaratish, hamda izlanishga koʻp vaqt sarflayman.

    Shuningdek, shaxsiy qiziqishlarimga kelsak, biznesdan tashqari, sportga ham juda qiziqaman. 8 yil davomida suzish bilan shugʻullanganman va suv sporti boʻyicha sport masteriman. Bundan tashqari, futbol bilan muntazam shugʻullanib, haftasiga 4-marta futbol oʻynayman. “Mediynыy liga”da ishtirok etadigan futbol komandamning nomi “IRUN”. Xorijiy futbol komandalaridan esa, eng sevimlisi “Chelsi” (Chelsea F.C.) Shuningdek, katta tennisga ham juda qiziqaman va haftasiga 2-marta “iTec” tennis klubida tennis bilan shugʻullanaman. Biznes va bilim olishdan tashqari, shuncha shaxsiy qiziqishlarimga ham ulgura olishimning sababi, vaqtni toʻgʻri taqsimlayman. “Yulduz Cinema” kinoteatri egasi sifatida, kino olamiga ham qiziqaman. Oʻzim hujjatli, avtobiografik va jangari janrdagi filmlarni koʻrishni maʼqul koʻraman. Eng yoqtirgan filmim “Elvis” filmidir.

    Tadbirkor sifatida eng katta orzuim, kelajakda biznes yoʻnalishida oʻziga xos yangiliklar, muvaffaqiyatli xalqaro loyihalarni amalga oshirishdir! Hozirgi kunda oʻz bilimlarimni yanada mustahkamlash niyatida Rimdagi Sapienza University ning magistraturasida tahsil olyapman. Bu yerda bir yil davomida tahsil olib, yurtga qaytaman va bilimlarimni amaliyotda mustahkamlash, hamda yurtimiz rivojiga oʻzimning munosib hissamni qoʻshish niyatidaman.