It tishlashidan fuqaro vafot etishi ortidan Boyovutda epidemiologik vaziyat nazoratga olindi

    Ijtimoiy tarmoqlarda it tishlashi oqibatida vafot etgan fuqaro haqida xabarlar tarqaldi. "Sanepidqo‘mita" axborot xizmati holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

    Ta’kidlanishicha, Sirdaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2023 yil 18 iyul kuni soat 19:20 da quturish kasalligiga gumon qilinib, 64 yoshli fuqaro – A.S. (erkak) yotqizilgan. Fuqaroni 2023 yil fevral oyida o‘zining 3 yoshli, qora rangli iti chap oyoq boldir sohasini tishlagan. Biroq iyul oyigacha bo‘lgan vaqt davomida bemor tibbiyot muassasasiga murojaat qilmagan. Sirdaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi tomonidan bemorga o‘tkazilgan davo muolajasiga qaramasdan 19 iyul kuni soat 21:35 vafot etgan. Bemordan namuna olish uchun patologik anatomiya tekshiruviga jo‘natildi.

    Marhumga jarohat yetkazgan itni boshqa fuqarolarga jarohat yetkazganini o‘rganish va kasallikning oldini olish maqsadida marhum yashagan manzilda SHTAB tashkil etildi.

    Tibbiyot xodimlaridan iborat 10 ta guruh tuzilib, 32 nafar tibbiyot xodimi xonadon aylanish tadbirlariga jalb etildi.

    Sanepidqo‘mitaning Boyovut tumani bo‘limi 10 nafar xodimi epidemiologik surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

    Mutaxassislar xonadonma-xonadon yurib aholining tibbiy-sanitariya madaniyatini oshirish maqsadida xavfli, o‘ta xavfli yuqumli kasallliklar mavzularida sanitariya-targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

    Sirdaryo viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarma ma’sullari hamda tuman mutaxassislari tomonidan mahalladagi barcha xonadonlardagi itlarni, mushuklarni qutirish kasalligiga qarshi emlash tadbirlar olib borilmoqda.