Boyovutda “Salomatlik sayllari” aksiyasi oʻtkazildi

    Salomatlik 4 Aprel 2023 1766

    Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Salomatlik sayllari” aksiyasi oʻtkazildi.

    Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi Koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida oʻtkazilgan “Salomatlik sayllari” oyligi doirasida tibbiy koʻrik va sogʻlomlashtirish tadbiri tashkil etildi.

    Tibbiy koʻrik jarayonlariga tuman hududida istiqomat qilayotgan, ammo sogʻligʻida muammosi bor bolalar, ayollar, katta yoshli 1 690 nafar aholi vakillari ishtirok etib, ular oʻz sogʻliqlari bilan bogʻliq muammoga poytaxtdan kelgan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda viloyatdagi davolash profilaktika muassasalarining turli toifadagi mutaxassislardan javob oldi.

    Chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik davomida 1 488 nafar fuqarodan 941 nafarida turli koʻrinishdagi kasalliklar aniqlanib, 880 nafar fuqaroga ambulator, 49 nafariga esa tuman, viloyat va respublika darajasidagi davolash profilaktika muassasalarda statsionar sharoitda davolanish uchun maslahat va tavsiya berilgan boʻlsa, 12 nafar fuqaroni sogʻliq bilan bogʻliq muammosini yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari orqali bartaraf etish yuzasidan chora-tadbir rejasini ishlab chiqishdi.

    Shu bilan birga, mahallabay va xonadonbay tibbiy koʻriklar ham tashkil etilib, xastaligi sabab toʻshakka mixlanib qolgan bemorlar va ularni koʻpdan buyon qiynab kelayotgan muammolarga yechim izlandi.

    Madaniyat mahallasida istiqomat qilayotgan, qandli diabetning 2 tipi, poliartrit va bir qancha kasalliklar sabab oʻz xonadonida yotib qolgan, 45 yoshli, Shoira Mamayusupovani salomatlik holati Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy markazi rahbari, professor Nargiza Parpiyeva boshchiligidagi respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda viloyat davolash profilaktika muassasalarining malakali va yetakchi mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqilib, unga qoʻshimcha davo muolajalari buyurilib, dori-darmon va sarflov materiallari bepul taqdim etildi.

    Gʻallakor suv isteʼmolchilar uyushmasi hududidagi “Gulbogʻ” mahallasidan 36 yoshli Karomat Rahmatova esa, tayanch harakat tizimi bilan bogʻliq muammo yuzasidan murojaat qildi.

    Bir qancha tekshiruvlardan soʻng, unda koronavirus infeksiyasi asorati, tayanch-harakat aʼzolari shakli va funksiyalari buzilishi, yaʼni yirik boʻgʻimlar artrozi tashxisi qoʻyilib, unga yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti buyurilib, ushbu amaliyotni davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirish yuzasidan tavsiya va maslahat berildi.

    “Salomatlik sayillari” doirasida Boyovutda tashkil etilgan tibbiy koʻrik, sogʻlomlashtirish tadbirlari davomida sogʻligʻida muammosi bor fuqarolar viloyat markazi va poytaxtga bormay, oʻz yashash hududlarida malakali va yetakchi mutaxassislaridan javob olish imkoniga ega boʻldi.

    Shu oʻrinda yana bir xabar, koʻchma xastaliklar aniqlangan bemorlarga shifokorlarning koʻrsatmasi bilan “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan koʻzoynaklar, 12 turdagi dori-darmon vositalari bepul tarqatildi.

    Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.