Boyovutdagi 4 ta mahallaga mebellar to'plami va kompyuter jamlanmasi topshirildi

    Mamlakatimizda fuqarolarning turmush farovonligini yuksaltirish, har bir oilani ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, yoshlarni barkamol insonlar qilib tarbiyalashda mahalla institutlarining o'rni beqiyos.

    Chunki u jamiyatimizning eng muhim bo'g'inlaridan biri hisoblanadi. Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 39 ta mahalla tuzilmasi bor. Ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ushbu tuzilmada ishlayotgan mahalla xodimlarini ishlashi uchun munosib shart-sharoit yaratish, zarur jihozlar bilan ta'minlash borasida ham so'nggi yillarda qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Yaqinda o'z faoliyatini yangi binoda davom ettirishi ko'zda tutilgan tumandagi Mirishkor, Sovotobod, Farhod, Ma'naviyat mahallalariga Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan mebellar to'plami va kompyuterlar jamlanmasi ajratildi.

    Bugun Boyovutda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat boshqaruvi xodimlari ushbu mebellar to'plami va kompyuterlar jamlanmasini tantanali ravishda topshirdi. Shu bilan birga, fondning Sirdaryo viloyat boshqaruvi hisobidan ikki nafar, kam ta'minlangan va yordamga muhtoj oila sohibalariga 1 million 800 ming so'mlik yordam puli sertifikatlari taqdim etildi.