Boyovutdagi ta’mir talab poliklinika ta’mirlanib foydalanishga topshirildi

    Salomatlik 10 Dekabr 2021 2053

    Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida oilaviy poliklinika ta’mirdan so‘ng yangicha ish boshladi.

    Tumanning Dehqonobod qishloq fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qilib kelayotgan 16 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan 3-oilaviy poliklinika ta’mir talab bo‘lib qolganligi uchun o‘tgan yili investitsiya dasturiga tushgandi.

    Dastur doirasida ushbu majmuada 1 milliard 800 million so‘mlik qurilish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Bu yumushni Gulistondagi «Shahnoza-Deklarant servis» xususiy korxona quruvchilari qisqa fursatda nihoyasiga yetkazdi.

    Oila shifokorlari amaliyot va patronaj hamshiralar ishlashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari qattiq va yumshoq mebel jihozlari to‘lig‘icha yangilandi. Zamonaviy, eng so‘ngi rusumdagi UZI, EKG va boshqa tibbiy diagnostika vositalari bilan ta'minlandi.

    Oilaviy poliklinikaga optik tola tortildi va lokal tarmoqqa ulandi. Kompyuter jihozlari bilan ta’minlanib, aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

    Bu esa tibbiyot xodimlari uchun ham, shifo istab murojaat qilgan aholi vakillari uchun ham qulay bo‘ldi.

    Bundan tashqari mazkur oilaviy poliklinikada dastur doirasida qo‘shimcha tez yordam bo‘limi uchun alohida bino, tez yordam mashinalari uchun alohida garaj quriladi. Bunga esa tamal toshi ham qo‘yildi.

    G‘ulom Primov,

    Sirdaryo viloyat

    Sog‘liqni saqlash boshqarmasi

    matbuot xizmati xodimi.