Energetika vazirligining mazkur holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, 2025-yil dekabr oyining soʻnggi kunlarida Boysun tumanidagi “M-25” koni hududida tarkibida neft saqlovchi suyuqlikning (neft suyuqligi) yer yuzasiga chiqishi holati qayd etilgan.

Mazkur neft suyuqligi tarqalishining oldini olish maqsadida hudud atrofida hamda soy oʻzani boʻylab qoʻshimcha himoya hovuzlari barpo etilgan.

Yigʻib olingan neft suyuqligi uzluksiz ravishda maxsus maydonga olib chiqilmoqda. U yerda hajmi 5 000 kub metr boʻlgan, maxsus izolyatsiyalangan 2 ta shlam hovuzi mavjud boʻlib, u neft suyuqligini xavfsiz saqlash hamda keyinchalik undan samarali foydalanish imkonini beradi.

Barcha ishlar amaldagi sanoat va ekologik xavfsizlik talablariga toʻliq rioya etilgan holda olib borilmoqda.

Neft suyuqligi namunasi boʻyicha tahlil ishlari olib borilmoqda. Uning natijalariga asosan qayta ishlash imkoniyatlari oʻrganiladi, geologik tadqiqotlar esa davom etmoqda.

Hozirgi kunda holat doimiy monitoringda boʻlib, neft suyuqligi jilovlangan. Dastlabki kunlarda chiqib kanalga oqqan neft suyuqliklarini tozalash ishlari olib borilayotganligi maʼlum qilindi.

Holat boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berilishi maʼlum qilindi.