Boysundagi gaz konida toʻrt kishi halok boʻldi

    Bu maʼlumotni Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov tasdiqladi. Hodisa joyiga prezident topshirigʻiga binoan vazirlik va tashkilotlar rahbarlari yetib bordi.

    Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25-yilligi” gaz konida sodir boʻlgan yangi avariya oqibatida seshanba, 17-sentyabr kuni toʻrt kishi halok boʻldi. Bu maʼlumotni Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.

    Uning soʻzlariga koʻra, halok boʻlganlar konda ishlagan pudratchi tashkilot xodimlari boʻlgan. Ularning shaxsiga aniqlik kiritilgan.

    Bir kun avval Boysun tumanidagi bir nechta manbalar, jumladan, shifoxona xodimlari toʻrt kishi halok boʻlgani haqida xabar bergan edi. Jabrlanganlar soni aniqlashtirilmoqda.

    Tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan bir nechta jabrlanganlar borligi maʼlum. Ularning barchasiga ham kasalxonaga yotqizish zarurati boʻlmagan. Soat 16:00 holatiga shifoxonada bir nafar ishchi boʻlgan.

    Chorshanba kuni Toshkentdagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtkazilgan brifingda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Bosh prokuratura vakillari avariya oqibatida ikki kishi halok boʻlgani rostmi, degan savolga tasdiq javobini berdi.

    Sherzod Asadovning maʼlum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevga hodisa sodir boʻlishi bilanoq xabar berilgan. U tegishli topshiriqlar berib, real vaqt rejimida vaziyat haqida maʼlumot olmoqda.

    Hodisa sodir boʻlgan joyga masʼul vazirlik va tashkilotlar rahbarlari yetib borgan. Mahalliy tuzilmalarga avariya oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun xorijiy mutaxassislar jalb qilingan.

    Hodisa tafsilotlari va boshqa maʼlumotlar kechqurun Boysun tumanida boʻlib turgan favqulodda vaziyatlar va energetika vazirlari tomonidan eʼlon qilinishi kutilmoqda.