Qayd etilishicha, tabiatga ziyon yetkazmaslik va havo ifloslanishining oldini olish maqsadida quduq yoqib qoʻyilgan va hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Maʼlumotlarga koʻra, voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligining brigadasi va Energetika vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tarkibida tashkil etilgan maxsus shtab vakillari yetib borgan.
Energetika vazirligining qoʻshimcha qilishicha, ayni paytda kerakli barcha chora-tadbirlar zarur texnika hamda uskunalardan samarali foydalanilgan holda olib borilmoqda. Shuningdek, xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha kuchaytirilgan choralar koʻrilmoqda.
Alohida taʼkidlash lozimki, yuzaga kelgan mazkur holat aholi va yaqin atrofdagi hududlarga hech qanday xavf tugʻdirmaydi. Jarayon Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan toʻliq nazorat ostiga olingan.
Hozirgi vaqtda ushbu vaziyat hamda yongʻinning kelib chiqishi sabablari oʻrganilmoqda. Bu haqdagi batafsil maʼlumot ishlar yakunlanganidan soʻng maʼlum qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, “M-25” gaz konini oʻzlashtirish jarayoni oʻziga xos murakkablikka ega boʻlib, bu yerda xalqaro tajribadan foydalanib, kuchaytirilgan nazorat choralari amalga oshirilmoqda.