Boʻzatovning ochiq osmon ostidagi shohsupasida Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan, “Yoshlar ovozi” Respublika festivalning beshinchi kunida va nihoyat, har bir yoʻnalish boʻyicha mutlaq gʻoliblar aniqlanib, ularning nomlari tantanali ravishda birma-bir eʼlon qilindi:

Demak, gʻoliblar bilan tanishamiz:

Baxshichilik yoʻnalishida, 10-15 yoshlilar orasida, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan, Ashirbek Qozibayev birinchi oʻringa, Qashqadaryo viloyatidan, Jamshid Shoqulov ikkinchi oʻringa, Surxondaryolik, Doniyor Toshmurodov uchinchi oʻringa munosib deb topildi. 16-22 yoshlilar orasida:

Qoraqalpogʻistonlik, Gulayim Oteshova, birinchi, qashqadaryolik, Ogʻabek Ulashov, ikkinchi, Toshkent shahridan,Eldor Shomurodov uchinchi oʻringa sazovor boʻldi. 23-30 yoshlilardan, Toshkent viloyatidan Murodjon Aliyev birinchi, Surxondaryo viloyatidan Farrux Nuraliyev ikkinchi, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan Azamat Elmuratov uchinchi oʻringa muyassar boʻldi.

Operaning ovozi oyga oshiqar...

Opera yoʻnalishida, 10-15 yoshli ishtirokchilar orasidan, poytaxtdan Lazizbek Shonazarov birinchi, qorqalpogʻistonik Baxitbek Qalibayev ikkinchi, navoiylik Nodira Tolibjonova uchinchi oʻrin sohiblariga aylansa, 16-22 yosh toifasida esa, Toshkent viloyatidan Zuhra Tursunboyeva birinchi, Qashqadaryo viloyatidan Ozodjon Murodov, ikkinchi, Samarqand viloyatidan Malika Akmaljonova uchinchi oʻrinni egalladi. 23-30 yosh qatnashchilar ichida, Surxondaryolik, Kamol Muhammadiyev, qashqadaryolik Xoʻjanazar Jumayev, Toshkent shahridan, Xislat Komilov ham gʻoliblar safidan joy oldi.

Ezgulikka esh estrada

Estrada yoʻnalishida oʻn, oʻn besh yoshlilar orasidan qoraqalpoq qizi Zarima Maxsudova, Toshkent goʻzali, Maryam Cherkashina hamda Sirdaryoning sohir nafas qizi Laylo Sharafiddinova ham Yoshlar ovozi festivalining mutlaq gʻoliblariga aylandi. 16-22 yosh toifasida esa, Jizzax viloyatidan, Hojiakbar Tojiboyev, Namangan viloyatidan, Noila Habibullayeva va poytaxtlik Umida Farruxova festivalining bu yilgi sovrindorlari sanaladi. 23-30 yoshlilar orasidan qoraqalpoqlik Alimbay Karimbayev, namanganlik Kamron Mamadaliyev, Toshkent viloyatidan Munisbek Redjepov ham Boʻzatov festivali gʻoliblaridir.

Anʼanaviy ijro yoʻnalishida, 10-15 yoshlilar orasida toshkentlik Sherbek Shavkatov, Toshkent viloyatidan, Ozodbek Abdumatalibov, Xorazm viloyatidan, Asadbek Rahimov gʻoliblik shohsupasiga chiqib taqdirlangan boʻlsa, 16-22 yosh toifasida, Toshkent shahridan, Sevinch Jovliyeva, Surxondaryo viloyatidan Asqar Temirov, Buxoro viloyatidan Gulchiroy Baxshilloyev olqishlar ostida mukofotlandi. 23-30 yoshlilar orasidan esa, Toshkent shahridan, Xushnidjon Solijonov, Sirdaryo viloyatidan, Boboqul Orziyev, Toshkent viloyatidan Azamatjon Yoʻldoshev ham final bosqichi gʻoliblari qatoridan joy oldi.

Shunday qilib, birinchi oʻrin – 50 million soʻmdan,toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta ishtirokchiga, ikkinchi oʻrin – 30 million soʻmdan toʻrt yoʻnalishda yana 12 ta qatnashchiga va uchinchi oʻrin – 20 million soʻmdan toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta ishtirokchilarga tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek respublika bosqichida ishtirok etgan barcha ishtirokchilar, 10 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Yoshlar ovozi festivalining taqdirlash marosimida el sevgan xonandalar oʻzlarining kuy va qoʻshiqlari bilan qoraqalpoq yoshlarini birday raqsga chorladi. Yosh, shijoatli, navqiron yoshlarning shoʻx-shodon qiy-chuvlarining shavqi butun Boʻzatovni qamrab olganday aks-sado berdi. Ayniqsa, osmon qadar otilgan salyutlar yogʻdusining shuʼlasi qoraqalpoq zaminini yorqin ranglarga boʻyaganday taassurot qoldirdi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Anvar TUYCHIYEV olgan suratlar