Jumladan, tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi yangi binoda ish boshladi. Keyingi yillarda yangi ish joylari ochish, ishsiz fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish yoʻnalishida ijobiy ishlar olib borilmoqda. Jami 1 milliard soʻm mablagʻ hisobiga qurib bitkazilgan yangi binoda xizmatchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
– Tumanimizda bugungi kunda 1250 dan ziyod fuqaro ishsizlar roʻyxatida turadi. Ularning bandligini taʼminlash boʻyicha barcha imkoniyatlarni ishga solyapmiz, – deydi tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi direktori B.Janabayev. – “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarning oʻzini oʻzi band qilish maqsadida subsidiyalar ajratilmoqda. Bugungi kunga kelib subsidiya hisobidan 82 fuqaroga issiqxona qurib berilib, 12 fuqaro sugʻorish nasosi bilan taʼminlandi.
Shu kuni tuman Davlat xizmatlari markazining xam yangi binosi foydalanishga topshirildi. Milliy va zamonaviy dizaynda qurilgan imorat “Baxit Miratdin qurilis” MCHJning quruvchilari tomonidan amalga oshirildi. Markazda elektron navbat tizimi joriy etilgan.
Markazda Xalq qabulxonasi, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi, notarius, Adliya va FHDYO boʻlimlari ham joylashgan. Bu fuqarolarning vaqti va pulini tejashga, masalalarini bir joyning oʻzida hal qilishga xizmat qiladi.
– Markazimizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan, zamonaviy uskunalar bilan taʼminlangan, – deydi Boʻzatov tumani Davlat xizmatlari markazi rahbari Miyras Xudaybergenov. – Endilikda bir kunda 300 jismoniy va yuridik shaxsga 140 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatish imkonimiz bor.
Tuman moliya boʻlimi yangi binosida ham barcha qulayliklar yaratilgan.
Boʻzatov qoraqalpoq shoiri Berdaq Gʻargʻabay oʻgʻlining tugʻilgan makoni hisoblanadi. shu bois, tuman markazidagi dam olish bogʻida shoir byustining ochilishi boʻzatovliklar uchun quvonchli voqea boʻldi.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri