Joriy yil fevral oyida yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, chet davlatlardagi yirik korporatsiya va savdo tarmoqlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish maqsadida O'zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi tuzilgan edi. Milliy matbuot markazida yangi tuzilma faoliyatiga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

O'zida 12 ta mahalliy ilg'or assotsiatsiya va milliy markazlarni birlashtirgan Assambleya davlatimiz iqtisodiyotidagi o'zgarishlar, qonunchilik va davlat dasturlarida nodavlat biznes sektori vakillarining ishtirokini ta`minlash, ularning mahalliy va xalqaro huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlar faoliyatidagi masalalarini yuqori davlat tashkilotlariga etkazishda ko'maklashish kabi oldiga qo'ygan ustuvor vazifalari doirasida ish olib boradi. Xorijiy iqtisodiy aloqalarni rivojlantirib, xalqaro ko'rgazma va biznes forumlar tashkil etadi. Milliy brendlar yaratish, marketing, menejment va biznes doira vakillari uchun kasb bayramlarini tashkillashtirish ustida ishlaydi.

Tadbirda tashkilotning kelgusi rejalari, aniq maqsadlari haqida so'z bordi. Assambleya raisi Muxtor Umarov sohada mavjud kamchiliklarga ham to'xtalib o'tdi. “Biz uzoq yillar davomida yopiq iqtisodiyot amaliyotida harakatlandik. Yuqori bojlar, soliq stavkalari ta'sirida faqat ichki bozorni rivojlantirish yo'lidan bordik. Bu esa monopoliyaga yo'l ochib berdi. endi vaziyat mutlaqo o'zgardi. Biz jahon bozoriga ochiq holda integratsiyalashishimiz, ular bilan raqobatlashishimiz kerak. Agar bozor qoidalari erkin bo'lsa, monopoliyaga qarshi kurashish, keskin choralar ko'rishga hojat qolmaydi. Hukumat idoralari bilan tadbirkorlar bir tan, bir jon bo'lib harakatlanishimiz kerak”, dedi u nutqida.

Ayni paytda Assambleya qoshida xalqaro arbitraj sudi, mediamarkaz, tadbirkorlikka tayyorlash va malaka oshirish bo'yicha biznes akademiya, xorijiy bozorlarga chiqishga mo'ljallangan elektron platforma hamda IT bo'limlari ishbilarmon doira vakillariga xizmat ko'rsatyapti. Iqtisodiy tashkilot mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun xorij bozorlarini o'rganib, tahlil qilish bilan bir paytda hamkor davlatlarda o'zbek mahsulotlari uchun shourumlar tashkil etishni rejalashtirgan.

Iroda TOSHMATOVA