Avval ham maʼlum qilinganidek, joriy yil 27-oktyabrda Prezidentning “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xusususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjatda mamlakatimizdagi 500 dan ortiq bozor va savdo komplekslari alohida yondoshuv asosida isloh qilinishi haqida topshiriq bor. Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli vazirliklar, idoralar bilan birgalikda 3 oy muddatda bozor va savdo komplekslari boshqaruv tizimini takomillashtirish va ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish boʻyicha qaror loyihasini tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatilgan.
Hozirgi kunda Agentlik tomonidan bozor va savdo komplekslarining moliyaviy koʻrsatkichlari va mulkiy masalalari oʻrganilmoqda va qaror loyihasini tayyorlash boʻyicha ishlar olib borilyapti.
Yuqoridagilarga asosan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bozor va savdo komplekslaridagi davlat ulushlarining sotilishi (xususiylashtirilishi) masalasida quyidagilarni maʼlum qiladi:
- bugungi kunda respublikadagi bozor va savdo komplekslarini sotish jarayoni xali boshlangani yoʻq;
- bu jarayon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori qabul qilingandan keyin, unda belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi;
- normativ hujjatlarni qabul qilish boʻyicha amaldagi tartibga asosan qaror loyihasi maxsus veb portalda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi, bildirilgan fikr va mulohazalar, vazirlik, idoralar va mahalliy hokimliklarning takliflari fikr-mulohazalari eshitiladi;
- shu bilan birga soha mutaxassislari, xalqaro ekspertlar, mustaqil kuzatuvchilar, OAV vakillari va keng jamoatchilik ishtirokida davra suhbati koʻrinishida muhokama tashkil qilinadi, bu jarayon OAVda yoritiladi;
- muhokama natijalari asosida qayta ishlangan qaror loyihasi Adliya vazirligining yuridik ekspertizasi asosida Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
- bozor va savdo komplekslaridagi davlat ulushlarning savdolarga qoʻyilishi, sotilishi va sotishdan keyingi monitoring jarayonlari qonunchilik talablari asosida Agentlik rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlari va OAVda doimiy ravishda yoritib boriladi.
Farmonda belgilanganidek, bundan asosiy maqsad ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda, ustav kapitalida davlat ulushi mavjud boʻlgan bozor va savdo komplekslarini zamonaviy koʻrinishga keltirish, sanitariya-gigiyena talablari darajasida saqlash, bozor faoliyati uchun zarur infratuzilmani shakllantirish hisoblanadi.
Barcha ommaviy-axborot vositalari vakillariga bozorlar va umuman xususiylashtirish bilan bogʻliq boshqa masalalarda bizga murojaat qilishlarini soʻraymiz. Barcha savollarga javob berishga tayyormiz. Bugungi kunda agentlikning 1082 kol-markazi 24/7 rejimida, 71 259-21-37 ishonch raqami ishlab turibdi. Shuningdek, Agentlik axborot xizmatining 71 259-20-90 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.
Axborot xizmati