Bozorlarda nosoz va ko'rikdan o'tmagan tarozilar aniqlandi

    Iste'molchilar tomonidan xarid qilish chog'ida tarozilarning noto'g'ri o'lchayotgani yuzasidan shikoyatlar kelib tushmoqda.

    O'zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan respublikadagi 190 dan ortiq bozorlar o'rganildi. Bu iste'molchilarga chakana savdoni amalga oshiruvchi 51 mingga yaqin savdo majmualari va bozorlarning savdo joylarini qamrab oldi, deb yozmoqda agentlik axborot xizmati.

    Xususan, o'rganishlarda qo'llanilayotgan olti mingga yaqin tarozi asboblaridan 1474 tasi foydalanishga yaroqliligi tasdiqlanmadi. Ularda o'z vaqtida ko'rikdan o'tkazilganini tasdiqlovchi belgi mavjud emas. Bunday tarozilar me'yorda xizmat ko'rsata olmasligi mumkin, o'lchovlarning aniqligi ham kafolatlanmagan.

    Shuni ta'kidlash joizki, Agentlikka iste'molchilar tomonidan xarid qilish chog'ida tarozilarning noto'g'ri o'lchayotgani yuzasidan shikoyatlar kelib tushmoqda. Iste'molchi tomonidan sotib olingan mahsulotlar qayta tortib ko'rilganida vazni kam chiqqani ma'lum bo'lgan.

    Agentlikning hududiy tuzilmalari tomonidan o'tkazilgan o'rganishlar davomida sotuvchilar tomonidan tovarlarni savdo davomida tarozilarni o'rnatish talablari buzilgani ham aniqlandi. Xaridorlar tarozilar o'rnatilgan joy atrofi turli tovarlar yoki inventarlar bilan to'sib qo'yilgani bois o'lchab tortish jarayonini kuzatishning iloji bo'lmagan.

    Agentlik tomonidan o'tkazilgan o'rganish natijalari Xorazm viloyatidagi “Qo‘shko‘pir dehqon bozor” MCHJda tarozi jihozlari holati ayanchli ekani, bu yerdagi mavjud savdo ob'ektlari umumiy sonining atigi 2 foizigina savdo markazlari vazn tarozilari bilan jihozlangan, xolos.

    Qoraqalpog'iston Respublikasi Nukus shahridagi “Nukus dehqon bozori” aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli dehqon bozorida faoliyat ko'rsatayotgan umumiy savdo markazlari va shoxobchalarining (1036 ta) bor-yo'g'i 15 foizi (159 ta) da tarozilar bor.

    Andijon viloyati Asaka tumani dehqon bozori “Asaka dehkon bozori” mas'uliyati cheklangan jamiyatida tarozilar bilan jihozlanish darajasi atigi 5 foizni tashkil etadi.

    Qonunga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunining 4-moddasiga ko'ra, iste'molchi ish, xizmatlar, shuningdek ijrochi, sotuvchi to'g'risida ishonchli va to'liq ma'lumot olish huquqiga ega. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-avgustdagi 253-son qaroriga asosan, Savdo operatsiyalari o'lchash-tortish vositalaridan (tarozilar, tarozi toshlari, o'lchovli sig'imlar, metrlar va boshqalardan) foydalangan holda amalga oshiriladigan bozorlarda metrologik qoidalar va normalar talablariga muvofiq bo'lgan o'lchov anjomlari mavjud bo'lishi shart.

    Tarozilar va boshqa o'lchov anjomlari sotuvchining ish joyida tortib ko'rish, qiymatini aniqlash va tovarni berish bo'yicha barcha jarayonlarning ko'rinib turishi ta'minlangan holda o'rnatilishi kerak.

    O'rganish natijalariga ko'ra, qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda aholiga xizmat ko'rsatish darajasini oshirish yuzasidan bir qator dehqon bozorlariga tegishli ko'rsatmalar berildi.