Brakonerlikka qarshi kurashish oyligi eʼlon qilindi

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan respublikada noyabr oyi “Brakonerlikka qarshi kurashish” oyi deb belgilandi.

    Maqsad — Oʻzbekiston Respublikasining «Ekologik nazorat toʻgʻrisida«, «Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida« va «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida«gi qonunlari ijrosini taʼminlash, brakonerlikka qarshi qatʼiy choralar koʻrishdir.

    Oy davomida barcha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda, shuningdek, respublikaning choʻl, togʻli hududlarida hamda tabiiy suv havzalarida noqonuniy ravishda oʻsimlik va hayvonot dunyosidan foydalanish, jumladan, noqonuniy baliq ovlash boʻyicha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ekologik nazorat tartibida reyd tadbirlari amalga oshirilmoqda.

    Shuningdek, har bir hududda reyd tadbirlari oʻtkazish boʻyicha tezkor guruhlar shakllantirilib, hayvonot va oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish, ov qilish va baliq ovlash qoidalariga rioya eʼtilishi boʻyicha targʻibot va profilaktika ishlari olib borilmoqda.

    Ekologiya vazirligi har qanday turdagi noqonuniy ov qonunchilikka koʻra qatʼiy javobgarlikka sabab boʻlishini yana bir bor eslatib oʻtadi. Agar brakonerlik holatlariga guvoh boʻlsangiz, bu haqda Ekologiya vazirligining (71) 207-11-07, (71) 207-11-08 telefon raqamlari, 1157, 1207 qisqa raqamlari yoki @ecogovuz_bot orqali xabar bering.