O'tgan yilning 5 sentyabr` kuni JCH-2022 saralashi doirasida Braziliya va Argentina o'rtasidagi o'yin 4-daqiqada to'xtatilgandi. Argentinaning to'rt futbolchisi – Buendia, Martines, Lo Chel`so va Romeroning Braziliya hududiga koronavirus qoidalarini buzgan holda kirib kelgani bunga sabab qilib ko'rsatilgandi.
Joriy yilning fevral` oyida FIFA tartib-intizom qo'mitasi uchrashuvni takroran o'tkazishga qaror qildi. Har ikki jamoani jarimaga tortdi. Koronavirus qoidalarini buzgan futbolchilarni 2 o'yinga diskvalifikatsiya qildi.
Shundan so'ng Braziliya milliy jamoasi jarohatlar xavfi, diskvalifikatsiyalar sababli takrori o'yin o'tkazilishiga qarshi chiqdi. Argentinaliklar ham bu bahsga boykot e'lon qilishdi. Shularni hisobga olgan Sport arbitraj sudi – CAS jamoalarning mazkur o'yinni o'tkazmaslik haqidagi kelishuvini ma'qulladi.
Zero, ikkala jamoa ham mundialning final bosqichiga yo'l olgan, turnir nuqtayi nazaridan bu bellashuv hech qanday rol` o'ynamaydi.