Uchrashuv davomida mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga ilg'or chet el tajribasini jalb etish, raqobat muhitini rivojlantirish, oliy o'quv yurtlarining sonini oshishi va sifat jihatdan yaxshilanishi, oliy ta'lim muassasalari talabalari sonini sezilarli darajada oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohot va o'zgarishlarning asosiy natijalari haqidagi batafsil ma'lumotlar Braziliya tomoniga taqdim etildi.

Vilas Boas de Soza O'zbekiston va Braziliya ta'lim sohasida mushtarak maqsadlarni ko'zlashini, uning sifatini oshirishda tajriba almshish lozimligi hamda talaba va o'qituvchilarning muntazam almashuvini yo'lga qo'yish kerakligini alohida ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, mamlakatda 2,4 mingta oliy o'quv yurti faoliyat ko'rsatib, ularda 8 million talaba tahsil olishadi. Aytilishicha, 69 federal universitet davlat qaramog'ida bo'lib, ularda jami 1,3 million talaba bilim olmoqda.

Ma'lumotlarga qaraganda, mazkur vazirlik Braziliya Tashqi ishlar vaziligi bilan hamkorlikda “PEG-G” nomli dastur ishlab chiqqan bo'lib, uning asosiy maqsadi mamlakatda chet ellik talabalar sonini oshirishdan iboratdir. Ta'kidlanishicha, ushbu dasturning muvaffaqiyatli ishtirokchilari o'qish to'lovidan ozod etiladi, turar joy va stipendiya bilan ta'minlanadi.

Shuningdek, vazirlik chet ellik talabalarning Braziliyada o'qishini qo'llab-quvvatlash maqsadida xalqaro grantlar dasturini yanada kengaytirish ustida ish olib bormoqda. Shu maqsadda 27 ta oliy o'quv yurtida universitetga kirish imtihonlariga tayyorgarlik bo'yicha 69 ta kurs tashkil etilgan.

Bundan tashqari, Vilas Boas de Soza Braziliya O'zbekiston yoshlari uchun portugal tili kurslarini tashkil etish masalasini ko'rib chiqishga tayyorligini ham ma'lum qildi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat olimlari va tadqiqotchilari Fan, texnologiyalar va innovatsiyalar vazirligi tarkibida tashkil etilgan eMBRAPII istitutida o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yishlari mumkinligi ta'kidlandi. Aytilishicha, mazkur tashkilot 27 ta universitetlarda joylashgan 70 ta zamonaviy tadqiqot markazlarini ham o'z ichiga olgani holda uning asosiy vazifasi jamiyat hayotidagi dolzarb masalalarga innovatsioya va ilg'or texnologik echimlarni joriy etishdir.

Ta'lim vazirligi vakilining fikr bildirishicha, Braziliya oliy o'quv yurtlarining xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirish mamlakatdagi ilmiy salohiyatni oshirishga, o'zaro hamkorlikda tadqiqotlar o'tkazish va jahon reytinglarida mamlakat universitetlarining ko'rsatkichlarini oshirishga olib keladi. “Shu bois Braziliya va O'zbekiston o'rtasidagi har qanday hamkorlik ikkala tomon uchun ham yaxshi samara berishi aniq”, deya ta'kidladi Vilas Boas de Soza.